Hujayraning tuziishi

O’zbekiston Respublikasi Xalq Ta’limi Vazirligi

Navoiy davlat pedagogika instituti

“Umumiy biologiya” kafedrasi

1-“B”kurs talabasi

Maxmudov G`olibning

“Botanika” fanidan yozgan

Mavzu: Hujayraning tuziishi.

Bajardi: Maxmuudov G`olib.

Tekshirdi: Soxibnazarov R.

Navoiy

Reja:

1. Hujayraning tuzilishi va funksiyasi.

2. Endoplazmatik to’r, ribosoma, Golji majmuasi, lizosoma, mitoxondriya, hujayra markazi.

3. O’simlik hujayrasining o’ziga xos tuzilishi.

HUJAYRANING TUZILISHI VA O`ZIGA XOS XUSUSIYATLARI.

1. Hujayraning tuzilishi va funksiyasi

Murakkab tuzilishga ega bo’lgan odam tanasida yurak, jigar va boshqa ma`lum vazifalarni bajaruvchi organlar bo’lgani kabi, hujayrada ham turli xil vazifalarni bajaruvchi strukturalar mavjud. Bular organoid yoki oreganella (kichik organoid ) deb ataladi. Barcha tirik organizmlar hujayraning tuzilishiga ko’ra ikkita katta guruhga bo’linadi: yadrosiz organizmlar – prokariotlar (tub ma`nosi yadrogacha – “pro”- gacha, “kario”- yadro) va “yadrolilar” – eukariotlar (“Eu”- haqiqiy, “kario”- yadro). Prokariotlar guruhiga barcha bakteriyalar va ko’k-yashil suv o’tlari (sianobakteriyalar), eukariotlar guruhiga esa zamburug’lar, o’simlik va hayvonlar kiradi. Shunday qilib, hozirgi davrda hujayralar tuzilishiga ko’ra ikkita sohaga ajratilgan va tegishli ravishda ikki yirik guruh: prikariot va eukariotlar deb ataladi.

Prokariot organizmlar azaliy xususiyatlarni o’zida saqlab kelmoqda. Ya`ni ular juda sodda tuzilishga ega. Shu asosga ko’ra ular alohida olamga ajratilgan.

Tirik organizmlar

Prokariotlar Eukariotlar

bakteriyalar ko’k-yashil zamburug’lar o’simlik hayvonlar.

suv o’tlari

Eukariot hujayralarda qo’shqavat qobiq bilan o’ralgan yadro, murakkab tuzilishga ega bo’lgan “quvvat stansiya” lari – mitoxondriyalar; o’simliklarda bulardan tashqari yana xloroplastlar bo’ladi. Boshqacha qilib aytganda “Yadroli ” organizmlarning barcha hujayralari yuksak tuzilishga ega bo’lib, kislorod bilan nafas olishga moslashgan va shuning uchin ko’p miqdorda energiya ishlab chiqarishi mumkin.

Prokariot hujayra.

Prokariot hujayralarning xarakterli vakili sifatida bakteriyalarni misol qilib ko’rsatish mumkin. Ular hamma joyda: suv, tuproq va ozuqa mahsulotlarida yashaydi. Bakteriya hujayralarining tuzilishi 20-rasmda keltirilgan. Prokariot hujayralarda shakllangan yadro bo’lmaydi. Ularning DNK si sitoplazmada joylashgan va membrana bilan o’ralmagan. Bakteriya hujayralarining kattaligi hilma-xil bo’lib, 1 dan 10 -15mkm gacha boradi. Bakteriyalarning tuzilishiga xos bo’lgan asosiy xususiyat – yadroning bo’lmasligidir. Ularning irsiy axboroti bitta aylanma shakldagi DNK molekulasida bo’lib, u sitoplazmada joylashgan. Bakteriya DNK lari oqsillar bilan birga komplekslar hosil qilmaydi. Shuning uchun xromosoma tarkibiga kiruvchi barcha genlar “ishlab turadi”, ya`ni ulardan to’xtovsiz irsiy axborot olib turiladi. Bakteriya hujayrasi membrana bilan o’ralgan bo’lib, u sitoplazmani hujayra devoridan ajratib turadi. Sitoplazmada membranalar kam. Unda ribosomalar bo’lib, oqsil sintezini amalga oshiradi.

Bakteriyalarning hayot faoliyati jarayonlari bilan bog’liq fermentlar sitoplazma bo’ylab tarqalib ketgan yoki membranalarning ichki tomoniga biriktirilgan bo’ladi.

Ko’pchilik mikroorganizmlarning hujayrasida zaxira moddalar – polisaxaridlar, yog’lar, polifosfatlar to’planadi. Bu moddalar, energiyaning tashqi manbalari to’xtab qolgan vaqtda almashinuv jarayonlarida ishtirok etadi va hujayra hayotining davom etishiga imkon beradi.

Odatda bakteriyalar, hujayraning ikkiga bo’linishi bilan ko’payadi. Bakteriyalar sporalar hosil qilish xususiyatiga ega. Sporalar odatda ozuqa moddalari yetishmaganda yoki muhitda modda almashinuv mahsulotlari ko’p to’planganda hosil bo’ladi. Sporalar bakteriya hujayrasidan hosil bo’ladi. Spora hosil bo’lish jarayoni ona hujayra sitoplazmasining bir qismini ajralishi bilan boshlanadi. Ajralgan qism xromosomaga ega bo’lib, membrana va qalin hujayra qobig’i bilan o’ralgan.

Bakteriyalarning sporalari juda hayotchan bo’ladi. Quruq holatda ular hayotiylik xususiyatini yuz, hatto ming yillar davomida saqlab qoladi. Haroratning keskin o’zgarishi ham sporalarga ta`sir ko’rsatmaydi.

Eukariot hujayra. Sitoplazma

Turli-tuman organizmlarning eukariot hujayralari o’zining tuzilishi jihatdan murakkabligi va hilma-xilligi bilan ajralib turadi. Hujayralar bajaradigan vazifalariga qarab turli – tuman shaklga ega bo’ladi: yumaloq (tuxum va yog’ hujayralari), yulduzsimon (biriktiruvchi to’qima hujayralari), o’simtasimon (nerv hujayralari), amyobasimon ya`ni, shaklini o’zgartiruvchi (leykotsitlar va ayrim biriktiruvchi to’qima hujayralari).

Hujayralar turlicha katta-kichiklikka ega. Ko’p hollarda ular juda kichik bo’lib, 10-100 mkm gat eng. Biroq juda katta hujayralar ham mavjud. Masalan, tarvuz hujayralarini oddiy ko’z bilan kuzatish mumkin. Eng katta hujayralarga qushlarning tuxumi misol bo’ladi.

Hujayralar katta – kichikligiga qarab turli og’irlikka ega. Masalan, tuyaqush tuxumining og’irligi 100 g dan 1,5 kg gacha boradi. Qizil qon tanachalari (eritrotsitlar)ning og’irligi esa 10-9 g (ya`ni 0, 000 000 001 g) ga teng.

Turli-tuman organizmlarning eukariot hujayralari o’zining tuzilishi jihatdan murakkabligi va xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Ularga sodda hayvonlar (soxtaoyoqlilar, xipchinlilar, infuzoriyalar), zamburug’lar, yuksak o’simlik va hayvonlar kiradi. Eukariot hujayralar prokariotlarning murakkablablashishi tufayli paydo bo’lgan deb taxmin qilinadi. Har bir hujayra 3 ta tarkibiy qismdan: tashqi sitoplazmatik membrana, sitoplazma va yadrodan iborat.

Sitoplazma. Sitoplazmada bir qator tuzilmalar (organoid va organellalar) bo’lib, ularning har biri o’ziga xos xususiyatga ega va ma`lum vazifani bajarishga ixtisoslashgan. Ko’pchilik organoidlar barcha hujayralar tarkibida uchraydi (mitoxondriya, hujayra markazi, Golji majmuasi, ribosoma, endoplazmatik to’r, lizosoma), boshqalari esa faqat ma`lum turdagi hujayralarda mavjud (miofibrilla, kiprikcha va boshqalar).

Sitoplazmada turli xil moddalar ham to’planadi. Ular kiritmalar deb ataladi. Bular sitoplazmaning (ba`zan yadroning) doimiy bo’lmagan tuzilishi hisoblanib, organoidlardan farqli ravishda hujayraning hayot faoliyati jarayonida goh paydo bo’lib, goh yo’q bo’lib turadi. Qattiq holda uchraydigan kiritmalar granulalar, suyuq holdagisi esa vakuolalar deb ataladi. Moddalar almashinuvi natijasida hujayrada yana bir qator mahsulotlar: sekretsiya qiluvchi hujayralarda oqsil granulalari, pigmentlar yoki zaxira ozuqa moddalar – glikogen donachalari, yog’ tomchilari uchraydi.

Hujayra membranali tuzilishga asoslangan.

Bunga ko’ra hujayra bir xil tuzilishga ega membranalardan tashkil topgan. Bu membranalar ikki qavat lipidlardan iborat, ularning ichki va tashqi tomonidan oqsil molekulalari har xil chuqurlikka botib kirgan.

Tashqi sitoplazmatik membrana barcha hujayralarda uchraydi. U hujayra sitoplazmasini tashqi muhitdan ajratib turadi. Tirik hujayraning yuza qismi to’xtovsiz harakatda, unda qavariq va botiqlar paydo bo’ladi, to’lqinsimon tebranma harakat vujudga keladi, doimo u orqali makromolekulalar ko’chirilib turadi. Sitoplazmatik membrane yuksak pishiqlikka va elastiklikka ega bo’lib, ozgina shikastlangan vaqtlarda ham o’zining bir butunligini oson va tez tiklay oladi.

Biroq sitoplazmatik membrana bir tekis chiziqdan iborat emas: u juda ko’p sonli mayda-mayda teshikchalar (g’ovaklar) bilan ta`minlangan. Ular orqali hujayraning ichki qismiga fermentlar yordamida ionlar va kichik molekulali moddalar o’tishi mumkin. Shu bilan birga bunday moddalar hujayra ichkarisiga to’g’ridan – to’g’ri membrana orqali ham o’ta oladi, bu passiv diffuziya emas, balki faol tanlab o’tkazish jarayoni bo’lib, energiyaning sarflanishini talab qiladi.

Sitoplazmatik membrana orqali ayrim moddalar osonlik bilan o’tib ketsa, boshqalari umuman o’tmaydi. Masalan, K+ ionlarining hujayra ichidagi miqdori, uning tashqarisiga nisbatan ko’p bo’ladi. Na + ionlari aksincha hujayra tashqarisida ko’p. Hujayra membranasining tanlab o’tkazish xususiyati yarim o’tkazuvchanlik deb ataladi. Yuqorida qayd qilingan ikki yo’ldan tashqari, kimyoviy birikmalar va qattiq zarrachalar hujayraning ichki qismiga pinotsitoz va fagositoz yo’li bilan ham o’tadi. Hujayra membranasida botiq joy hosil bo’lib, uning ikki uchi hujayralararo suyuqlikni (pinotsitoz) yoki qattiq moddalarni (fagotsitoz) asta-sekin qamrab olib, bir-biri bilan tutashadi.

Sitoplazmatik membrananing yana bir vazifasi ko’p hujayrali organizmlar to’qimasida hujayralar o’rtasidagi aloqani ta`minlashdir. Bu birinchidan, juda ko’p burmalar va o’simtalar hosil qilish va ikkinchidan, hujayralar tomonidan hujayralararo bo’shliqni to’ldiruvchi juda zich biriktiruvchi moddalarni ajratish bilan amalga oshiriladi.

O’simlik hujayrasi ham xuddi hayvon hujayrasi singari sitoplazmatik membrana bilan o’ralgan bo’ladi. Biroq bundan tashqari hayvonlar hujayrasida uchramaydigan sellulozadan iborat qalin hujayra qobig’iga ham ega. Hujayra qobig’ida maxsus teshikchalar bo’lib, qo’shni hujayralarning endoplazmatik to’rlari bir-biri bilan tutashgan bo’ladi.

Zamburug’larning hujayralari ham xuddi o’simlik hujayralari kabi hujayra qobig’I bilan o’ralgan. Ammo ular selluloza emas, balki xitinsimon moddalardan iborat.

2. Endoplazmatik to’r, ribosoma, Golji majmuasi, lizosoma, mitoxondriya, hujayra markazi.

Yuqorida ta`kidlaganimizdek, sitoplazmada bir qator organoidlar mavjud va ular turli xil vazifalarni bajaradi.

Endoplazmatik to’r murakkab membranalar tizimidan iborat bo’lib, barcha eukariot hujayralarning sitoplazmasini qamrab olgan. Ular, ayniqsa, moddalar almashinuvi jadal tarzda borayotgan hujayralarda rivojlangan bo’ladi. Endoplazmatik to’rning hajmi hujayra umumiy hajmining o’rtacha 30 dan 50 % gacha qismini egallaydi. Endoplazmatik to’r ikki xil: silliq va donador bo’ladi.

Silliq endoplazmatik to’rning asosiy vazifalaridan biri lipidlar va uglevodlarni sintez qilishdir. Silliq indoplazmatik to’r ayniqsa, yog’ bezlari (yog’lar sintezi)da, jigar hujayralari (glikogen sintezi)da zaxira moddalar to’planadigan hujayra (o’simlik urug’)larida ko’p bo’ladi.

Donador endoplazmatik to’rning muhim vazifasi oqsil sintezi va uni tashish bo’lib, buni ribosomalar bilan hamkorlikda amalga oshiradi. Ribosomalar endoplazmatik to’rning zichlangan membrana qopchalarning ustki qismida dona-dona bo’lib joylashgan. Donador deb atalishi ham shu tuzilma bilan bog’liq.

Shunday qilib, endoplazmatik to’r hujayraning umumiy ichki aylanma tizimi bo’lib, uning kanallari orqali moddalar tashiladi. Kanallarning membranasida ko’p sonli fermentlar joylashgan, ular hujayraning hayot faoliyatini ta`minlaydi.

Ribosomalar diametri 15,0-35,0 nm bo’lgan ikki ya`ni katta va kichik bo’lakchalardan iborat yassi tanachalardan tashkil topgan. Ribosomalarda taxminan teng miqdorda oqsil va nuklein kislotalar mavjud. Ribosoma RNK si yadrodagi DNK molekulasi yordamida hosil bo’ladi. O’sha joyda ribosomalar ham shakllanadi va yadrodan tashqariga chiqadi.

Sitoplazmada ribosomalar erkin yoki endoplazmatik to’rning tashqi yuzasiga birikkan holda joylashishi mumkin. Ribosomalar deyarli barcha hujayralar: prokariot va eukariotlarda uchraydi.

Golji majmuasi (apparati) ning asosiy qurilma elementi – silliq membrana bilan chegaralangan bo’shliqlar (sisterna) tizimi, vakuolalar va kichik pufakchalarni paydo qiladi. Endoplazmatik to’r membranalarida hosil bo’lgan oqsillar, polisaxaridlar, yog’lar Golji majmuasiga tashiladi. Uning ichida bu birikmalar o’zgarishga uchraydi va ajralishga tayyor shira sifatida o’ralib, kerakli joylarga uzatiladi yoki hujayraning hayot faoliyati uchun foydalaniladi.

Lizosomalar (yunoncha – “lizeo” - eritaman) uncha katta bo’lmagan yassi tanachalardir. Diametri 0,4 mkm bo’lib, bir qavat membrane bilan o’ralgan. Ularning ichki qismi ozuqalarni parchalovchi fermentlar bilan to’lgan. Bu fermentlar oqsillar, karbon suvlar, nuklein kislotalar, yog’lar va boshqa moddalarni parchalash xususiyatiga ega. Lizosomalar Golji majmuasidan yoki to’g’ridan-to’g’ri endoplazmatik to’rdan hosil bo’lishi mumkin.

Mitoxondriya (yunoncha – “mitos”- ip va “xondro” - dona) bir va ko’p hujayrali organizmlarning barcha eukariot hujayralarida mavjud. Mitoxondriyalarning hayvon va o’simlik olamida bunday keng tarqalishi ularni hujayrada muhim ahamiyatga ega ekanligidan darak beradi.

Mitoxondriyalar turli-tuman shakllarda: yumaloq, yassi, silindirsimon va hatto ipsimon ko’rinishda ham uchraydi. Ular 0,2 dan 15-20 mkm kattalikka ega. Ipsimon shakllarning uzunligi 15-20 mkm gacha boradi. Turki xil to’qimalardagi mitoxondriyalarning soni bir xil emas va hujayraning funksional faolligiga bog’liq. Ularning soni sintez jarayonlari jadal amalga oshirilayotgan (jigar) yoki ko’p energiya sarflanadigan hujayralarda ko’p bo’ladi. Masalan, uchadigan qushlarning ko’krak mushaklarida mitoxondriyalar soni uchmaydigan qushlarga nisbatan birmuncha ortiq. Mitoxondriyalar tarkibida DNK molekulasining mavjudligi ularning bo;linish yo;li bilan tezda ko’payishiga imkon yaratadi. Mitoxondriyalarda ikki qavat:tashqi va ichki membranalar mavjud.Tashqi membrana silliq, ichkisi esa burmali bo’lib kristalar deb ataladi.kristalar membranasida juda ko’p fermentlar joylashgan. Ular energiya almashinuvida ishti rok etadi.Mitoxondriyalarning asosiy vazifasi energiyaning universal manbai hisoblangan ATFni sintez qilishdir.

Hujayra markazi, ikkita slindr shakldagi kichik tanachalardan tashkil topgan bo’lib, bir biriga nisbatan to’g’ri burchak hosil qilib joylashadi va ular sentriola deb ataladi. To’qqiz bog’lamdan iborat sentriola devorlarining har biri uchta mikronaychani o’z ichiga oladi. Sentriola setoplazmaning o’zidan o’zi ko’payadigan organoidi hisoblanadi. Ularning ko’payishi, oqsil kichik bo’lakchalarning o’zini o’zi yig’ish jarayonida amalga oshiriladi. Hujayra markazi hujayralarning bo’linishida muhim ahamiyatga ega. Hujayra markazidan bo’linish bilan urug’larning o’sishi boshlanadi. Ko’pchilik o’simlik va suv o’tlarida hujayra markazi yo’q, shuning uchun bo’linish urug’lari maxsus ferment markazlaridan hosil bo’ladi.

Sitoskelet. Eukariot hujayralarga xos bo’lgan xususiyatlardan biri, ularning sitoplazmasida mikronaychalar va oqsil tolalaridan iborat bo’lgan tayanch skelet tuzilmalarning mavjudligidir. Sitoskeletning elementlari yadro qobig’i va tashqi sitoplazmatik membrana bilan zich birikkan bo’lib, sitoplazmada murakkab bog’lamlarni hosil qiladi. Sitoplazmaning tayanch elementlari hujayraning shaklini aniqlaydi, hujayra ichki tizimlarining harakatini va butun hujayraning joyini o’zgarishini ta`minlaydi.

Yadro – zamburug’, o’simlik va hayvonlar hujayrasining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Hujayra yadrosida DNK ya`ni, genlar bo’lib, ular ikki asosiy vazifani bajaradi: 1. Genetik axborotni saqlaydi va ko’paytiradi. 2. Hujayrada sodir bo’ladigan moddalar almashinuvi jarayonini idora qiladi. Hujayra yadrosiz uzoq yashay olmaydi va yadro ham hujayrasiz mustaqil yashash qobiliyatiga ega emas. Shuning uchun sitoplazma bilan yadro o’zaro bog’liq bo’lgan tizimni tashkil qiladi. Odatda hujayralar bitta yadroga ega bo’ladi. Ba`zan 2-3 yadroga ega bo’lgan hujayralar ham uchrab turadi. Ko’p yadroli hujayralar (ayrim hollarda o’nlab yadrolar) borligi ham ma`lum. Yadroning shakli ko’pincha hujayra shakliga o’xshab ketadi. Ayrim hollarda noto’g’ri shaklga ega bo’lgan yadrolar ham uchraydi.

Yadro qo’sh membranali qobiq bilan o’ralgan. Tashqi, sitoplazma bilan tutashgan yadro membranasida yadro joylashgan. Ichki tomondan yadro membranasi silliq bo’ladi. Yadro qobig’i hujayra membrana tizimining bir qismi hisoblanadi. Tashqi yadro membranasining o’simtalari endoplazmatik to’r kanallari bilan qo’shilib, bir-biriga ulanib ketgan. Yadro bilan sitoplazma o’rtasidagi moddalar almashinuvi ikki xil yo’l bilan amalga oshiriladi. Birinchidan, yadro qobig’ida juda ko’p teshikchalar mavjud bo’lib, ula orqali yadro va sitoplazma o’rtasida molekulalar almashinib turadi. Ikkinchidan, moddalar almashinuvi yadrodan sitoplazmaga va aksincha yadro qobig’ining o’simtalarini yoki botib kirgan qismni ajratish yo’li bilan ham amalgam oshiriladi.

Yadro bilan sitoplazma o’rtasida faol modda almashinuvi bo’lishiga qaramasdan, yadro qobig’i uning uning ichki qismini sitoplazmadan ajratib, ularning kimyoviy tarkibidagi farqni saqlab turadi. Bu yadro tizimining me`yorida ishlab turishi uchun zarurdir.

Hujayra yadrosi tarkibiga quyuq yadro shirasi, xromatin va bitta yoki bir necha yadrocha kiradi. Tirik hujayradagi yadro shirasi, yadro tuzilishidagi oraliqlarini to’ldirib turuvchi gelsimon massadan iborat. Yadro shirasi tarkibiga har xil oqsillar (shu jumladan fermentlar), erkin nukleotidlar, aminokislotalar hamda yadro va xromatin hayot faoliyati bilan bog’liq bo’lgan yadrodan sitoplazmaga chiqadigan mahsulotlar kiradi.

Xromatin. (yunoncha “xroma” - rang) yadroning shaklan yadrodan farq qiluvchi, ba`zi bir bo’yoqlar yordamida bo’yaladigan donador va to’rsimon tuzilishidir. Xromatin DNK va oqsildan iborat bo’lib, xromosomaning spirallashmagan va zichlashmagan qismlari hisoblanadi.

Xromosomaning spirallashgan qismlari genetik nuqtai nazardan faolsiz. Xromatinga xos xususiyat – genetik axborotni nasldan naslga o’tkazishni faqat xromosomalarning yoyilgan qismlari amalga oshiradi. Ularni yorug’lik mikroskopi yordamida ko’rib bo’lmaydi.

Bo’linayotgan hujayralarda barcha xromosomalar kuchli spirallashgan, qisqargan, ixcham shaklga va o’lchamga ega. Xromosomalar shakli birlamchi belbog’ yoki sentromera deb ataluvchi qismga bog’liq bo’lib, hujayra bo’linish (mitoz) vaqtida bo’linish urchug’ining ipiga yopishadi. Sentromera xromosomani ikki yelkaga bo’ladi. Ular teng yelkali va teng bo’lmagan yoki har xil uzunlikka ega bo’lgan xromosomadan iboratdir.

Xromosomalarni o’rganish quyidagilarni aniqlashga imkon yaratdi.

  1. Har qanday o’simlik yoki hayvon organizmining somatik hujayrasidagi xromosomalar soni bir xil.
  2. Har qanday organizmning jinsiy hujayrasi hamma vaqt somatik hujayraga nisbatan ikki barobar kam xromosomaga ega.
  3. Bir turga mansub barcha organizmlarning hujayrasidagi xromosomalar soni bir xilda bo’ladi.

Hujayradagi xromosamalar soni turning tuzilish darajasiga bog’liq emas va har vaqt ham ular o’rtasidagi qarindoshlik aloqalarini ko’rsatmaydi. Ularning soni tizim guruhiga bir-biridan ancha uzoqda turgan vakillarda bir xil va aksincha kelib chiqishi yaqin bo’lgan turlarda esa har xil miqdordagi xromosomalar uchrashi mumkin. Masalan, har turga mansub bo’lgan va sistematik guruhda bir-biridan ancha uzoq joylashgan shimpanze maymuni, suvarak hamda qalampirda xromosomalar diploid soni bir xil bo’ladi va 48 ga teng. Odamda 46 ta va tuzilishi birmuncha sodda bo’lgan zog’ora baliqda 104 ta. Shunday qilib, xromosomalar to’plamining tavsifi umuman turga xos xususiyat, ya`ni o’simlik yoki hayvon organizmlarining faqat bitta turiga xosdir.

Somatik hujayraning xromosomalar to’plamining miqdoriy (soni va o’lchami) va sifatiy (shakli) belgilari yig’indisi kariotip deb ataladi. Tirik organizmlarning ko’pchilik turlarida kariotipdagi xromosomalar soni juft bo’ladi. Bu har bir somatik hujayrada shakli va o’lchami bir xil bo’lgan ikkita xromosoma mavjudligi bilan tushuntiriladi. Bulardan bittasi erkak va ikkinchisi urg’ochi organizmning xromosomalaridir.

Bir xil shakl, o’lcham hamda iplarga ega bo’lgan xromosomalar gomologik xromosomalar deb ataladi. Somatic hujayraning xromosoma to’plamidagi har bir xromosoma o’z juftiga ega va juft (yoki diploid) deb ataladi. Diploid to’plam 2n bilan belgilanadi. Jinsiy hujayralarga juft gomologik xromosomalardan faqat bittasi o’tadi, shuning uchun gametaning xromosoma to’plami toq (yoki gaploid) deyiladi.

Hujayraning bo’linishi tamom bo’lganidan so’ng, xromosomalar despirallashadi ya`ni, yoyiladi va yangidan hosil bo’lgan yosh hujayralarning yadrolarida yana xromatinning donachalari yoki yupqa to’rlari ko’rina boshlaydi.

Hujayra yadrosiga hos bo’lgan uchinchi xususiyat – yadrochaning mavjudligidir. U yadro shirasiga botib kirgan zich tanachadan iborat. Yadrochalar faqat bo’linmaydigan hujayralarda bo’ladi, ular mitoz paytida yo’qolib ketadi, bo’linish tamom bo’lgach yana paydo bo’ladi.

Yadrocha yadroning mustaqil tuzilishi emas. U xromosomaning ribosoma RNK (r-RNK)ni hosil qilishga javob beruvchi qismining atrofida vujudga keladi. Uning tarkibida juda ko’p sonli r-RNK molekulalari uchraydi. Bundan tashqari yadrochada ribosomalar ham shakllanadi va keyinchalik sitoplazmaga o’tadi. Shunday qilib yadrocha – shakllanish darajasi har xil bo’lgan ribosomalar va r-RNKning to’plamidan iborat.

3. O’simlik hujayrasining o’ziga xos tuzilishi.

O’simliklar hujayrasida hayvon hujayrasiga xos bo’lgan barcha organoidlar: yadro, mitoxondriya, Golji majmuasi, ribosomalar mavjud. Shuningdek, ular tuzilishidagi bir qator xususiyatlari bilan hayvon hujayralaridan farq qiladi:

1. birmuncha qalin bo’lgan hujayra qobig’iga ega;

2. maxsus organoidlar-plastidalari bor. Bularda quyoshning yorug’lik energiyasi hisobiga anorganik moddalardan birlamchi organik moddalarni hosil bo’lishi amalgam oshiriladi;

3. yaxshi rivojlangan vakuola tizimi mavjud bo’lib, u hujayraning osmotik xususiyatlari bilan bog’liq.

Hujayra qobig’i. O’simlik hujayrasi tashqi tomondan qalin hujayra

Hujayra qobig’i polisaxaridlardan tashkil topgan. Qobiq orqali suv va kichik molekulali moddalar osonlik bilan o’tish imkoniga ega. Shu bilan birga qobiq birmuncha mustahkam bo’lib, o’simlikka xos tuzilmani saqlab turadi. U shamol ta`sirida o’simlikning egilishini ta`minlaydi, biroq sinib ketishiga yo’l qo’ymaydi.

Plastidalar – o’simlik hujayralarining organoidlari. Ular anorganik moddalardan birlamchi uglevodlarni hosil qilishda ishtirok etadi. Plastidalarning uch xil turi mavjud.

  1. Leykoplastlar – rangsiz plastidalar, monosaxarid va disaxaridlardan kraxmal hosil qilishda ishtirok etadi (ayrim leykoplastlarda oqsil va moylar ham to’planadi).
  2. Xloroplastlar – yashil pigmentlar, fotosintez jarayonini amalga oshiradi.
  3. Xromoplastlar – har xil rangga ega plastidalar. Ular gullar va mevalarga rang beruvchi karotinoidlardan iborat.

Plastidalar bir – biriga aylanib turadi. Ularning tarkibida RNK va DNK bo’ladi. Ko’payishi ikkiga bo’linish yo’li bilan amalgam oshadi.

Ko’pgina o’simlik hujayralarida boshqa plastidalar ham uchraydi. Ular qizil, sariq va qizg’ish pigmentlarga ega bo’ladi. Ko’pgina gullar, mevalar va kuz falidagi barglarning ranglari ana shu pigmentlar tufayli paydo bo’ladi. Rangsiz plastidalarda kraxmal, moy, oqsil, zaxira modda sifatida to’planadi. Bunday plastidalar ildizda, tuganaklarda, ildizmevalarda, urug’larda ko’p uchraydi.

Vakuolalar ham o’simlik hujayralariga xos organoid bo’lib, membrane bilan o’ralgan. Ular endoplazmatik to’rning g’ovak membranalari hisobiga hosil bo’ladi. Vakuola tarkibida turli tuman organik birikmalar va tuzlar uchraydi. Vakuola shirasi hosil qiladigan osmotik bosim hujayraga suvning o’tishini ta`minlaydi va uning tarang ya`ni, turgor holatini vujudga keltiradi. Bu o’simliklarni mexanik ta`sirlarga nisbatan mustahkamligini ta`minlaydi.

Hujayraning tuziishi