O`RTA OSIYONING ALOXIDA MUXOFAZA QILINADIGAN XUDUDLARI (LANDSHAFTLARI)

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O‘RTA

MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI

ALISHER NAVOIY NOMIDAGI

SAMARQAND DAVLAT UNIVERSITETI

TABIIY FANLAR FAKULTETI

TABIIY GEOGRAFIYA VA GEOEKOLOGIYA KAFEDRASI

SHUKUROV ILHOMJON

O`RTA OSIYO TABIIY GEOGRAFIYASI

fanidan

R E F E R A T

O`RTA OSIYONING ALOXIDA MUXOFAZA QILINADIGAN XUDUDLARI (LANDSHAFTLARI)

Ilmiy rahbar: ass.Mamajonov R.I.

SAMARQAND 2012

Reja:

1. Alohida muhofaza etiladigan hududlar haqida tushuncha

2. O’rta Osiyo qo‘riqxonalari

3. Milliy bog‘lar va buyurtmalar

Alohida muhofaza etiladigan hududlar haqida tushuncha

Tabiatni muhofaza qilish - landshaftning bir butunligi, tabiiy komponentlarning o‘zaro muvozanatini muhofaza qilishga qaratilgan. Landshaftlarni muhofaza qilishning juda ko‘p shakllari mavjud. Bular: qo‘riqxonalar, zakazniklar, rezervatlar, xalq bog‘laridan iborat. Tabiatni muhofaza qilish ayrim hududlarda tabiiy kompleksni (landshaftlarni) o‘z holicha maxsus rejim bilan qo‘riqlashni ham talab qiladi. Bunday maxsus rejim bilan muhofaza qilinadigan hududlar xo‘jalikda o‘zlashtirishdan bevosita ajratib olinib qo‘riqlanadigan tabiiy ob’ektlardir. Hududning ayrim uchastkalarini muhofaza qilishda maxsus rejimini o‘rnatishning zarurligi fan-texnika inqilobi sharoitida inson xo‘jalik faoliyati natijasida keskin o‘zgarayotgan va kamayayotgan yer tabiiy boyliklariga insonning ongli munosabatda bo‘lishiga asoslanadi. Bunday uchastkalarni qo‘riqxonalar, rezervatlar, tabiiy parklar, tabiat yodgorliklari, zakazniklar deyiladi. Muhofaza qilinadigan hududlarning tasnifi ishlab chiqilmagan. Ularni bo‘lishda qo‘yidagi belgilarga amal qilinadi: 1) muhofaza qilinadigan hududdan foydalanish rejimining asosiy maqsadi va harakteri; ulardan xo‘jalikda foydalanishni butunlay man etish; fan va turizm manfaatlari uchun foydalanishni chegaralash; tabiiy boyliklarni takror ishlab chiqarish (tiklash); ma’rifiy-memorial (yodgorlik) ahamiyatiga ega bo‘lgan ob’ektlarni muhofaza qilish va hokazo; 2)muhofaza qilinadigan ob’ektlarning murakkablik darajasi (tabiiy landshaftlarning ayrim komponentlari yoki butun landshaft, tabiiy boylik turlari); 3) o‘rnatilgan va chegaralangan cheklovning davom etishi (resurslardan foydalanish umuman man qilinganmi yoki foydalanish ma’lum muddatga limitlanganmi).

O‘rta Osiyo va Qozog‘istonning alohida muhofaza

qilinadigan hududlari (landshaftlari)

Nomi

Tashkil qilingan yili

Joylashgan viloyati

Qo‘riqxona maydoni ga hisobida

1

2

3

4

5

1.

Zomin tog‘ – o‘rmon davlat qo‘riqxonasi

1926 (1960)

Jizzax viloyati

10560

2.

Chotqol tog‘ – o‘rmon davlat qo‘riqxonasi

1947

Toshkent viloyati

47500

3.

Qorako‘l qo‘riqxonasi

1971

Buxoro viloyati

20500

4.

Qiziqum qo‘riqxonasi

1971

Buxoro viloyati

4000

5.

Bodayto‘qay qo‘riqxonasi

1971

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

10000

6.

Nurota tog‘ – yong‘oqzor qo‘riqxonasi

1975

Jizzax viloyati

40000

7.

Zarafshon qo‘riqxonasi

1977

Samarqand viloyati

2500

8.

Qizilsuv tog‘ – archa qo‘riqxonasi

1975

Qashqadaryo viloyati

20000

9.

Miroqi tog‘ – o‘rmon davlat qo‘riqxonasi

1976

Qashqadaryo viloyati

35000

10.

Vardanza

1976

Buxoro viloyati

324

11.

Kitob geologik qo‘riqxonasi

1979

Qashqadaryo viloyati

5378

12.

«Surxon» qo‘riqxonasi

1986

Surxondaryo viloyati

24583

13.

Besh – Orol qo‘riqxonasi

1979

O‘sh viloyati

116700

14.

Sori – Chelak qo‘riqxonasi

1959

O‘sh viloyati

23900

15.

Issiqko‘l qo‘riqxonasi

1948

Issiqko‘l viloyati

19000

16.

Norin qo‘riqxonasi

1983

Norin viloyati

24200

17.

Ustyurt qo‘riqxonasi

1984

Mang‘ishlak viloyati

223000

18.

Borsakelmas

1939

Qizil orda viloyati

3000

19.

Naurzum qo‘riqxonasi

1959 (1951)

Kustonoy viloyati

86850

20.

Kurgal jin qo‘riqxonasi

1968 (1958)

Selinograd viloyati

237100

21.

Oqsu-jabog‘li qo‘riqxonasi

1929 (1920)

Chimkent viloyati

74400

22.

Olma-ota qo‘riqxonasi

1931

Olma-ota viloyati

73000

23.

Markakol qo‘riqxonasi

1976

Sharqiy Qozog‘iston viloyati

71367

24.

Xazar (avvagi Krasnovodsk) qo‘riqxonasi

1932

Krasnovodsk viloyati

262037

25.

Qoplanqir qo‘riqxonasi

1932

Toshhovuz viloyati

570000

26.

Syunt – Xasardag‘ qo‘riqxonasi

1979

Janubi – G‘arbiy Kopettog‘lari

29700

27.

Kopettog‘ qo‘riqxonasi

1976

Ashxobod viloyati

50000

28.

Amudaryo qo‘riqxonasi

1982

Chorjo‘y viloyati

50000

29.

Repetek qo‘riqxonasi

1928 (1912)

Chorjo‘y viloyati

34600

30.

Badxiz qo‘riqxonasi

1941

Mari viloyati

87600

Ko‘pgina mamlakatlarda tabiatni muhofaza qilishning tashkiliy ko‘rinishlari bir xil emas va «qo‘riqxona», «milliy park», «rezervat», «zakaznik» tushunchalariga turli xil mazmun beriladi. Mamlakatimizda alohida muhofaza qilinadigan yoki qo‘riqlanadigan hududlar – landshaftlar - qo‘riqxonalar, har xil turdagi zakazniklar, tabiiy parklar va yodgorliklar yuqoridagi belgilarga muvofiq tashkil qilinadi. Hozirgi vaqtda qo‘riqlanadigan hududlar, ya’ni xo‘jalikda foydalanish butunlay man etilgan tabiiy ob’ektlar tabiatni muhofaza qilishning asosiy va amaliy usuli emas. Lekin shunga qaramasdan qo‘riqlanadigan hudud tabiatini muhofaza qilishda muhim rol o‘ynaydi. Ularning vazifalari juda xilma-xildir. Spesifik va hududiy vazifalar bilan birga, har bir qo‘riqlanadigan hudud tabiatini muhofaza qilishning umumiy muammolarini hal etishga xizmat qiladi. Qo‘riqlanadigan hudud tabiiy komplekslar tabiiy holatining etaloni bo‘lib xizmat qiladi. Inson tomonidan nisbatan kam o‘zgartirilgan tabiiy komplekslarda geografik, geofizik, biologik va boshqa jarayonlarni o‘rganish mumkin. Har xil tabiiy hududlar tipi va komplekslari uchun xos bo‘lgan jarayonlarni bilish tabiatni o‘zgartirishni loyihalashtirish va insonning geografik muhitga ta’sir etishining oqibatlarini taxminiy tahlil qilish uchun muhim ahamiyatga ega.

2. O’rta Osiyo qo‘riqxonalari

Keyingi yillarda planetamizda qo‘riqlanadigan hududlar soni to‘xtovsiz oshib bormoqda. BMT ma’lumotiga ko‘ra, 70-yillarning boshida dunyo bo‘yicha 1204 ta qo‘riqxona va milliy bog‘lar bo‘lgan edi. Qo‘riqlanadigan hududlarning tez o‘sishi shundan ma’lumki, ularning uchdan bir qismi 1960 yillardan boshlab tashkil qilingan. Hozirgi kunda yer kurrasi bo‘yicha tabiatni muhofaza qilinadigan hududlarning soni 40 mingdan ko‘p. Shunday qilib, yuqorida aytganimizdek, muhofaza qilinadigan landshaftlar, ya’ni qo‘riqlanadigan hududlarning formasi xilma-xil. Xorijiy mamlakatlarda tabiatni muhofaza qilishning asosiy ko‘rinishlari – milliy bog‘ va rezervatlar bo‘lsa, masalan, Rossiyada qo‘riqxona va zakazniklardir. Qo‘riqxona quruqlik maydonining harakterli tabiiy landshaftlari bo‘lgan ma’lum bir uchastkasi bo‘lib, tabiatni muhofaza qilishning eng samarador formalaridan biridir. Alohida muhofaza qilinadigan hududlar orasida qo‘riqxonalar muhim rol o‘ynaydi. Qo‘riqxonalarning asosiy vazifasi – tabiatning diqqatga sazovor qimmatli landshaftlarini jamiyat manfaatlari uchun saqlashdan iborat. Qo‘riqxona hududlaridan xo‘jalikda foydalanish, hatto, pichan tayyorlash, ov qilish, baliq tutish, qo‘ziqorin terish umuman ta’qiqlangan. Qo‘riqxonalar atrofi kam foydalanib, muhofaza qilinadigan zona bo‘lishi kerak.

Qo‘riqxonalarning asosiy vazifasi va maqsadlari nimadan iborat? Qo‘riqxonalar hududidagi mavjud komplekslar tabiiy holatda saqlanadi. Ular inson tomonidan o‘zlashtirilayotgan va o‘zgargan qo‘shni hududlar uchun etalon bo‘lib xizmat qiladi. Bunday etalonlar inson xo‘jalik faoliyatining biz uchun qulay yoki noqulay ekanligini taqqoslashga, tabiatdan amaliy foydalanish u yoki bu usulining naqadar maqsadga muvofiqligini nazorat qilishga imkon beradi. Qo‘riqxonalarning asosiy vazifasi tabiatni har tomonlama o‘rganishdir. U landshaft komponentlari o‘rtasidagi uzviy aloqadorlikni bilib, tabiiy boyliklardan unumli foydalanish yo‘llarini ishlab chiqish uchun zarur. Masalan, Kursk yaqinidagi Markaziy Qoratuproq qo‘riqxonasi o‘rmon-dasht zonasi uchun harakterli bo‘lgan tabiiy–hududiy komplekslarning etaloni bo‘lib, bu yerda Rossiya Fanlar akademiyasi Geografiya instituti tabiiy jarayonlarni ko‘p yillardan buyon tekshiradi.

Qo‘riqxonalardagi tabiiy jarayonlarni o‘rganish landshaft geografik jihatdan o‘xshash bo‘lgan hududlarning tabiiy boyliklari va tabiiy sharoitidan unumli foydalanishni tashkil qilishni yengillashtiradi. Shuning uchun qo‘riqxonalar tabiiy-hududiy komplekslarning hamma tipida bo‘lishi kerak. Asosiy muhofaza qilish ob’ektiga bog‘liq holda qo‘riqxonalar oldiga kompleks va maxsus vazifalar qo‘yiladi. Kompleks qo‘riqxonalarda butun tabiiy-hududiy komplekslar tabiiy holda muhofaza qilinadi. O‘rta Osiyodagi qo‘riqxonalarning asosiy qismi oldiga kompleks maqsadlar qo‘yilgan. Maxsus vazifalarni bajaradigan qo‘riqxonalar asosan katta ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan ayrim ob’ektlarni muhofaza etish uchun tashkil qilinadi. Masalan, Orol dengizidagi tashkil etilgan Borsakelmas qo‘riqxonasi, eng avval, shu yerda iqlimlashtirilgan qulon hamda sayg‘oq va jayronlarni qo‘riqlash va biologiyasini o‘rganish uchun tashkil qilingan edi. Pitsunda qo‘riqxonasi asosan relikt qarg‘aylarini muhofaza qilish uchun bunyod etilgan. Chelyabinsk oblastidagi Ilmen qo‘riqxonasi uncha katta bo‘lmagan hududda 200 dan ortiq noyob minerallar to‘plangan maydonni saqlash uchun tashkil qilingan. Zarafshon tizmasining janubiy yon-bag‘irdagi Kitob davlat paleontologik-stratigrafik qo‘riqxonasi geologik maqsadlar uchun tashkil etilgan. Qo‘riqxona tabiiy-hududiy komplekslarning daxlsizligini ta’minlovchi tabiiy etalondir. Hozirgi sharoitda planetamizning turli-tuman tirik organizmlar genofondini saqlashda qo‘riqxonalarning roli katta. Qo‘riqxona hududida ko‘pgina hayvon va o‘simlik turlarining hayoti uchun zarur bo‘lgan optimal sharoit mavjud. Shuning uchun qo‘riqxonalar hayvon va o‘simliklarning ayrim turlarini saqlash va ularni ko‘paytirishda muhim rol o‘ynaydi. Inson tomonidan o‘zgartirilgan landshaftlarga moslasha olmagan hayvonlarni faqat qo‘riqxonalarda saqlash mumkin bo‘lmoqda. Bular – zubr, qulon, goral, begemot, yo‘lbars, arslon, qoplon, ilvirs (bars), suv kalamushi, turach, qizil g‘oz, gaga va boshqalardir. Shuningdek, bir qancha o‘simlik turlari faqat qo‘riqxonalarda saqlanmoqda. Masalan, AQShda mamont (sekvoyya) daraxti, Livanda livan kedri, Rossiya hududida tis, shamshod, nilufar va boshqa turlar ana shunday o‘simliklardandir.

Qo‘riqxonalar ovlanadigan hayvonlarni saqlash va ularni ko‘paytirishda katta rol o‘ynaydi. Masalan, Baykalda Barguzin qo‘riqxonasi tashkil qilingan paytda (1916 yil) qurum toshlarda hammasi bo‘lib 20-30 suvsar yashardi. Muhofaza qilish natijasida hozir bu hayvon ko‘payib, qo‘riqxonadagina emas, balki qo‘shni hududlarda ham ovchilik ahamiyatga ega. Voronej qo‘riqxonasi barpo qilingan vaqtda (1927 yil) bir necha juft qunduz bor edi. Shu qo‘riqxona tashkil etilgandan buyon undan Rossiyaning 73 rayoniga 3 mingdan ortiq qunduz tarqatildiki, ular 70 mingdan ortiq nasl berdi. Shunday qilib, qo‘riqxona hududlari turli xil hayvon va o‘simlik turlarini, ovlanadigan hayvonlarning miqdori va genetik fonlini saqlash uchun xizmat qiladi. Mamlakatimizda hamma qo‘riqxonalar ilmiy muassasalar hisoblanadi. Qo‘riqxonalarda yuzlab xodimlar tabiiy komplekslarni va ularning ayrim kompo-nentlarini tekshiradilar, tabiiy hodisalarni qayd qiladilar, ilmiy tajribalar o‘tkazadilar. Qo‘riqxonalar bilan mamlakati-mizning ilmiy muassasa va oliy o‘quv yurtlari yaqin aloqa o‘rnatgan. Qo‘riqxonalarda bo‘lajak biologlar, geograflar, o‘rmonshunoslar, geologlar dala praktikasini o‘taydi. Qo‘riqxona hududlaridagi tabiiy jarayonlarga inson doimo aralashib turishi kerak. Jumladan, qo‘riqxonadagi yirtqichlar, ularning o‘ljalari hamda tuyoqlilar soni va yem-xashak bazasi ustidan nazorat qilib turilishi lozim. O‘rta Osiyoda o‘ttizdan ortiq qo‘riqxonalar bor, shulardan ayrimlariga tavsif beramiz.

Zomin tog‘-o‘rmon qo‘riqxonasi Turkiston tizmasi g‘arbiy qismining shimoliy yon-bag‘irda, Zomin tog‘ida 1900-3500 metr mutlaq balandlikda joylashgan. Bu yerda tog‘ dasht (cho‘l), o‘rmon va subalp o‘simlik mintaqalari mavjud. Qo‘riqxona hududida 150 dan ortiq o‘simlik turlari uchraydi. Qo‘riqxona hududining katta qismi – 6756 gektari o‘rmon mintaqasi, archazordan iborat. Bu yerda archaning uch turi uchraydi. O‘rmonzorning pastki qismida (1900-2700 metr balandlikda) Zarafshon archasi yoki qora archa, o‘rta qismida (2100-2800 metr) yarim sharsimon yoki savr archa, yuqori qismida (2100-3200 metr) turkiston archasi (o‘rik archa) o‘sadi. Qo‘riqxonada sudralib yuruvchi hayvonlarning 6 turi, parrandalarning 63 va sutemizuvchilarning 18 turi mavjud. Sutemizuvchilardan oq tirnoqli ayiq, to‘ng‘iz, silovsin, bo‘ri, tog‘ echkisi, arhar (tog‘ qo‘yi), jayra, quyon, kaklik, qirg‘iy, burgut, boltayutar, himolay kurkasi, tog‘ qarg‘asi, qalqontumshuqilon, chiporilonlar yashaydi. Zomin tog‘-o‘rmon qo‘riqxonasida archazorlarning tabiiy holati va archa-o‘rmon mintaqasiga xos tipik tabiiy geografik komplekslarni saqlash, ularni har tomonlama tadqiq etish, tabiiy boyliklar sifatini yaxshilash, ularni ko‘paytirish, shuningdek archa biologiyasini o‘rganish, archazorlarni kengaytirish, hayvonot dunyosini saqlash va tiklash bo‘yicha ko‘pgina ishlar amalga oshirilmoqda. Qo‘riqxona har yili o‘rmon xo‘jaligiga 1,5 tonnadan ko‘proq qimmatli archa urug‘ini yetkazib bermoqda.

Chotqol tog‘-o‘rmon qo‘riqxonasi Chotqol tizmasining janubi-g‘arbiy qismida dengiz sathidan 1000-3200 metr balandlikda joylashgan bo‘lib, maydoni 47,5 ming gektar yerni tashkil qiladi. Qo‘riqxona hududida quruq dashtdan tashqari mevali o‘rmonlar, archazorlar, alp o‘tloqlari kabi landshaft mintaqalari mavjuddir. Bu yerda 600 dan ortiq o‘t, 40 ga yaqin daraxt va buta o‘simlik turlari uchraydi. Qo‘riqxona hududining 40 protsenti archazorlardan iborat. Shuningdek, bu yerda pista, Kavkaz shamshodi, zirk, irg‘ay va boshqa noyob buta va daraxtlar ko‘p uchraydi. Qo‘riqxonada sudraluvchilarning 23 turi yashaydi. Yirtqichlardan savsar, oq suvsar, bo‘rsiq, ayiq, bo‘ri va boshqalar uchraydi. Qo‘riqxonaga 1953 yilda yelik bug‘usi (kosulya) olib kelingan edi. Hozir yelik tobora ko‘payib bormoqda. Qo‘riqxonaning toshli va qoyali landshaftlarida kiyik yashaydi. Kiyiklarning soni bir necha yuz boshdan ortiq.

Chotqol qo‘riqxonasining eng qimmatli hayvonlaridan biri relikt jonivor – menzbir sug‘uridir. Shuni aytish kerakki, sug‘urning 14 turi mavjud bo‘lib, shundan oltitasi mamlakatimiz hududida yashaydi. Menzbir sug‘uri yer sharining boshqa biror qismida uchramaydi. Tanasining uzunligi yarim metr, vazni esa 4 kilogramm atrofida bo‘lib, 4 oy mobaynida bir yarim kilogrammgacha yog‘ to‘playdiki, bu yog‘ uyqudagi karaxtlik davrida bemalol yetadi. Menzbir sug‘uri xalqaro «Qizil kitob» va O‘zbekiston «Qizil kitob»iga kiritilgan. Hozirgi vaqtda bu nodir jonivorning yashash sharoiti keng o‘rganilmoqda. Chotqol tog‘-o‘rmon qo‘riqxonasi tog‘li o‘lkalarni xo‘jalik jihatdan o‘zlashtirish yo‘llarini ishlab chiqmoqda. Qo‘riqxona hududida ilmiy bazalar ishlab turibdi va olimlar ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar.

Qorako‘l qo‘riqxonasi Buxoro viloyatining Qorako‘l rayoni hududida qumli maydonlarda 180-200 metr absolyut balandliklarda joylashgan. Qo‘riqxonadan kengligi 30-40 metr bo‘lgan Amu-Qorako‘l va Amu-Buxoro kanallari o‘tadi. Kanallar trassasi massividagi qadimgi jarliklar va pastqam uchastkalar kanal suvi bilan to‘lib, qator ko‘llar hosil qilgan (2000 gektar). Bular ko‘plab baliq va qushlarning oromgohiga aylangan. Qo‘riqxonaning vohaga chegaradosh bo‘lganligi va uning hududidan kanallar oqib o‘tganligi uchun qo‘riqxonaning tuproq va o‘simliklari kuchli o‘zgargan va o‘ziga xos faunaga ega. Bu yerda 200 ga yaqin oliy o‘simlik turlari uchraydi, shundan 30 tasi daraxt va butalardir. Kanal yoqasi va ko‘llar atrofidagi to‘qayzorlarda asosan jiyda, turang‘i, tol, qamish va boshqa o‘simliklar keng tarqalgan. Qo‘riqxonaning qumliklarida asosan qora saksovul, qandimning 6 turi, singrenning 3 turi, cherkez, iloq va boshqa o‘simliklar tarqalgan. Qo‘riqxonaning tabiiy sharoiti rang-barang bo‘lganligi uchun hayvonot dunyosi ham xilma-xildir. Qo‘riqxonaning kanal va ko‘llarida baliqlarning 32 turi uchraydi. Qo‘riqxonaning qumli qismida sudralib yuruvchilardan cho‘l toshbaqasi, kaltakesak, echkiemar, bo‘g‘mailon, o‘qilon, charxilon va boshqalar yashaydi. Qo‘riqxonada sutemizuvchilarning 30 dan ortiq turi bor. Ular orasida bo‘ri, chiyabo‘ri, tulki, qum mushugi va qum quyoni, ingichka barmoqli yumronqoziq, har turli qum sichqonlari uchraydi. To‘qayzorlarda yovvoyi cho‘chqa ko‘p. Qo‘riqxonada parrandalarning 170 dan ortiq turi mavjud. Shundan noyob turlari 20 taga yetadi. Qo‘riqxonada Zarafshon qirg‘ovuli deb atalgan kenja tur mavjud. Qo‘riqxona xodimlari oldiga tabiiy boyliklar bilan birga, Zarafshon qirg‘ovulini qo‘riqlash va ko‘paytirish vazifasi qo‘yilgan. Qorako‘l qo‘riqxonasi O‘rta Osiyoda cho‘l qo‘riqxonalari orasida voha bilan chegaradosh yagona tabiat laboratoriyasi bo‘lib, uning landshafti ko‘llar, kanallar, qamish-to‘qayzorlar, sho‘rxokliklar va saksovul bilan qoplangan qumliklardir. Qo‘riqxonada ana shu voha va cho‘l tabiiy komplekslari muhofaza qilinadi, shuningdek, kanallar o‘tkazib, cho‘l o‘simlik va hayvonot dunyosining o‘zgarishi o‘rganiladi.

Qizilqum qo‘riqxonasi Buxoro viloyatining Romiton tumani hududida, Amudaryo qayirida joylashgan qayir-cho‘l qo‘riqxonasi hisoblanadi. Hududining katta qismi (3100 ga) daryo bo‘yidagi to‘qaylarni va kichik qismi (800 ga) Qizilqum massivini o‘z ichiga olgan. Qayir o‘simliklari o‘tish qiyin bo‘lgan qalin to‘qayzorni hosil qilib, boy floraga ega. Bu yerda 150 o‘simlik turlari o‘sadi. To‘qayzorlarni ko‘proq daraxt-butazor o‘simliklari (turang‘i, jiyda, tol, lomonos, yulg‘un va boshqalar) egallaydi. Bundan tashqari, bu yerda har xil o‘tlar, qamish, lo‘xgullilar, ro‘vak, ajriq va boshqalar o‘sadi. Qo‘riqxonaning qumli cho‘l qismi uchun qora va oq saksovul, cherkez, qandim va quyonsuyak harakterlidir. Qo‘riqxonaning tabiiy sharoiti turli xil jonivor va qushlarning yashashiga qulay imkon beradi. Sudralib yuruvchilardan cho‘l toshbaqasi, qizil quloq yoki quloqli yumaloqbosh kaltakesak hamda bot-bot yoki yumaloq bosh va Seversov gekkoni deb ataluvchi kaltakesaklar, suvilon, zaharli charxilon va boshqalar uchraydi. Qo‘riqxona hududida qishlovchi, mavsumiy uya qo‘yuvchi, ayniqsa, suvda suzuvchi qushlar ko‘p bo‘lib, ularning 82 turi mavjud. Shundan 29 turi yilning to‘rt faslida ham shu yerda yashaydi. Yirtqich qushlardan burgut, qora qirg‘iy, kuykanak (maymunqush), jig‘altoy va boshqalar uchraydi. Qo‘riqxonaning eng chiroyli qushi Amudaryo qirg‘ovulidir. Hozir ularning soni 2 mingdan ortiq. Qo‘riqxona qushlaridan qirg‘ovul va burgut alohida muhofaza qilinadi.

Sutemizuvchilardan ingichka barmoqli yumronqoziq, malla yumronqoziq, qum sichqoni, qo‘shoyoq; yirtqichlardan chiyabo‘ri, tulki, to‘qay mushugi va qum mushugi, bo‘ri uchraydi. Shuningdek, bu yerda 200 ga yaqin yovvoyi cho‘chqa va buxor bug‘usi yashaydi. Qo‘riqxona tashkil qilingan paytda hammasi bo‘lib 6 bosh buxor bug‘usi bor edi. Hozirgi vaqtda ularning soni yuzdan oshib ketdi. Buxor bug‘usi alohida muhofaza qilinadi, qish faslida qo‘shimcha oziqlantiriladi. Qo‘riqxonaning qumli uchastkasida ba’zan jayron ko‘rinib qoladi. Shunday qilib, Qizilqum qo‘riqxonasi kamdan-kam uchraydigan original, tabiiy laboratoriyadir. Qo‘riqxonaning asosiy vazifasi inson qo‘li tegmagan landshaftlar, Amudaryo to‘qaylari va tutashib turgan cho‘l landshaftlarining o‘rganish va saqlash, shuningdek, buxor bug‘usi, jayron va Amudaryo qirg‘ovuli ekologiyasini o‘rganish va muhofaza qilish usullarini ishlab chiqishdan iborat.

Bodayto‘qay qo‘riqxonasi Qoraqalpog‘istonning Beruniy rayoni hududida, Amudaryo qayirida joylashgan. Bodayto‘qay to‘qay o‘simliklari bilan qoplangan orol va yarimorolllarni ishg‘ol qilgan noyob tabiatli qo‘riqxonadir. Qo‘riqxonada o‘simlik va hayvon turlari ko‘p. Bu yerda buta, turang‘i, yulg‘un va qiyoqzorlar mavjud. Qo‘riqxonada yovvoyi cho‘chqa, bo‘rsiq, quyon, xiva qirg‘ovuli, olachipor qizilishton va boshqa hayvon hamda qushlar yashaydi. Qo‘riqxonadagi aralash to‘qaylar va ularning tabiiy tarkibi faqat shu joylarga xos bo‘lib Respublikaning boshqa joylarida uchramaydi. Qirg‘ovulning Xiva kenja turi, Eron sarsabili, chirmovuqning uch turi faqat shu yerda mavjud. Qo‘riqxonada bir vaqtlar Sobiq SSSR Meditsina fanlari akademiyasi Virusologiya institutining ilmiy xodimlari xalqaro dastur bo‘yicha ilmiy ish olib borgan edilar. Bodayto‘qay qo‘riqxonasining asosiy vazifasi Amudaryo qayiridagi tabiiy komplekslarni o‘rganishdir.

Nurota qo‘riqxonasi Nurota tizmasi yonbag‘irlarida 1975 yilda tashkil qilingan bo‘lib, uning maydoni 40 ming gektardan iborat. Qo‘riqxonada «Qizil kitob»ga kirgan arharlar bilan tog‘ qo‘yi, shuningdek, yovvoyi cho‘chqa, suvsar, «Qizil kitob»ga kiritish mo‘ljallanayotgan mitti shunqor va boshqa hayvonlar muhofaza qilinadi. Olimlarning fikriga ko‘ra, 2,5 ming bosh saqlanib qolgan Seversov yovvoyi qo‘yi mahalliy sharoitga moslashgan yangi qo‘y zotlarini yetishtirish uchun muhim ob’ekt bo‘lishi mumkin. Nurota qo‘riqxonasining asosiy vazifasi tog‘-dasht landshaft mintaqalarini, ayniqsa, Seversov qo‘yi ekologiyasini o‘rganish va muhofaza qilish metodlarini ishlab chiqishdan iborat.

Zarafshon qo‘riqxonasi Samarqand shahrining shimoli-sharq qismidagi suv ayirg‘ichdan sharq tomonda, Zarafshon daryosining qayirida tashkil qilingan. U ilgari Zarafshon zakaznigi deb atalar edi. Qo‘riqxonaning o‘simlik va hayvonot dunyosi xilma-xildir. Qayir to‘qaylarida 140 dan ortiq o‘simlik turi o‘sadi. Bu yerda keng tarqalgan parranda Zarafshon qirg‘ovulidir. Qo‘riqxonada chiyabo‘ri, tulki, bo‘rsiq, to‘qay mushugi va boshqa hayvonlar uchraydi. Qo‘riqxonaning asosiy vazifasi qayir-to‘qay tabiiy komplekslarini saqlash hamda qirg‘ovulni muhofaza qilish va ko‘paytirishdir. Hozirgi vaqtda qo‘riqxonada asalarichilik rivojlanmoqda.

Qizilsuv qo‘riqxonasi Qashqadaryo oblastida Yakkabog‘ tizmasining archazorlar bilan qoplangan yon-bag‘irlarida tashkil etildi. Uning 20 ming gektarli maydonida ayiq, qoplon, tog‘ echkisi (kiyik) muhofaza qilinadi. Qo‘riqxonada, asosan, tog‘ o‘rmon mintaqasi (archazor) va uning hayvonlari muhofaza qilinadi.

Miroqi qo‘riqxonasi Hisor tizmasining shimoliy yon-bag‘irda, Oqsuv daryosi va uning irmoqlari havzasida joylashgan bo‘lib, tog‘, dasht, o‘rmon va subalp mintaqalarini qamrab olgan. Qo‘riqxona va uning landshaftlari juda xilma-xildir. Qo‘riqxona o‘ziga xos o‘simlik va hayvonlarga juda boy bo‘lib, ularning tarqalishi balandlik mintaqalari qonuniyatiga buysunadi. Qo‘riqxonada Tyanshan tulkisi, ayiq, Farg‘ona bo‘rsig‘i, bars (ilvirs), silovsin kabi hayvonlar muhofaza qilinadi. Qo‘riqxonaning asosiy vazifasi balandlik mintaqalarining tabiiy komplekslarini o‘rganish va muhofaza qilishdir.

Vardanzi qo‘riqxonasi qadimgi Vardanzi shahri o‘rnida tabiiy va tarixiy komplekslarni muhofaza qilish uchun tashkil etilgan. 20-yillarning oxirida bu shaharni qum bosgan edi. 30-yillarda bu yerga saksovul ekilgan. Keyinchalik saksovullar shu qadar o‘sib ketdiki, ular bugungi kunda butun bir o‘rmonni tashkil qiladi. Saksovul o‘rmoni bu yer uchun harakterli bo‘lgan qumli cho‘l tabiiy kompleksining vujudga kelishiga sabab bo‘ldi. Ayni vaqtda bu qo‘riqxonada tarixiy yodgorliklar muhofaza qilinadi. Qo‘riqxonaning asosiy vazifasi VIII-XVIII asrlar tarixiy yodgorligi – qum bosib qolgan Vardanzi shahrini saqlashdir.

Kitob geologik qo‘riqxonasi. Kitob geologik qo‘riqxonasi o‘z mavqei bo‘yicha o‘ta ahamiyatli bo‘lib, u avvalo, tabiatning nodir tarixiy mahsulotlarini muhofaza qilish uchun yaratildi. Ya’ni, kitob geologik qo‘riqxonasi Yerning geologik tarixini himoya qiluvchi, tabiiy-ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan paleontologik stratigrafik qatlamlarni muhofaza etish va rejali o‘rganish uchun tashkil etildi. Bu qo‘riqxona takrorlanmas ajoyib noyob xususiyatlarni o‘zida saqlab Xalqaro (olamshumul) ahamiyatga ega bo‘lganligi uchun biroz to‘xtab o‘tamiz va N.Axmedov va boshqalar (1977) ma’lumotlari bo‘yicha tasvirlaymiz. Qo‘riqxona Qashqadaryo viloyatining g‘arbiy chekkasida Kitob tumani hududida Zarafshon tizmasining janubi-g‘arbiy yon-bag‘irda Jinni daryosi vodisida joylashib, Yer sharining tabiiy-ilmiy yodgorliklari bo‘lgan palentologik metologik va stratigrafik etaloni bo‘lgan yodgorliklarni muhofaza qiladi va Xalqaro reja asosida ular ustidan ilmiy tekshirish ishlari olib boradi. Kitob qo‘riqxonasini tashkil etishning tarixi qiziqdir. 1978 yilning yozida 13 davlatdan kelgan muttaxasis olimlar hozirgi qo‘riqxona hududidagi Xo‘jaqo‘rg‘on soyi bo‘yida joylashgan geologik qatlamlardagi paleontologik qoldiqlarni o‘rganadilar. Unga qadar O‘zbekistonlik hamkasblari paleozoy erasi quyi va o‘rta devon davri yotqiziqlari ichida uchrovchi nodir toshga aylangan organizmlar qoldiqlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ularga taqdim etgan edilar. Bu qatlamlarni o‘rgangan xalqaro guruh toshlarda muhr kabi qotgan paleontologik qoldiqlarning haqiqatdan nodir ekanligini e’tirof etib, ularning davlat muhofazasiga olishni taklif etishdi. 1979 yildan ushbu noyob hudud Kitob geologik qo‘riqxonasi deb e’lon qilindi va o‘sha vaqtdan buyon bu joyda keng ko‘lamda geologo-biologik ilmiy-tekshirish ishlari olib borilmoqda. Shu vaqt ichida qo‘riqxona maydonidagi o‘rta, quyi Ordovik, erta va kechki Silur, erta va o‘rta Devon davlari qatlamlarida 16 guruhdan ortiq toshga aylangan organizmlar qoldiqlari aniqlandi. 1989 yilning 15 iyulida Amerikalik mutaxassis olim V.Olivers boshliq olimlar guruhi O‘zbekistondan kelgan materiallarni o‘rganib chiqib, «O‘zbekistondagi Zarafshon tog‘li oblasti, Zilzilbon kesimi», xalqaro etalon bo‘ladi degan qarorga keladi. Shunday qilib, sobiq SSSR tarixida birinchi bor Kitob geologik qo‘riqxonasi xalqaro etalonga aylanadi. Kitob geologik qo‘riqxonasi sobiq SSSR hududida yagona tashkil etilgan geologik qo‘riqxona bo‘lib, unda Paleozoy eroziyasining quyi Ordovik davridan, yuqori Devon davrigacha o‘tgan vaqt oralig‘idagi qatlamlar uzluksiz yer yuzasiga chiqib yotadi, ular ichida o‘sha davrda yashagan hayvon va o‘simliklarning tosh qotgan qoldiqlari ko‘plab uchraydi. Bu toshga aylangan qoldiqlar yuz million yillab uzoq tarixdan so‘ylovchi muhim geologik omil hisoblanadi. Zarafshon tog‘larining janubiy-g‘arbiy yonbag‘rida Jinnidaryo vodiysi bo‘ylab yuqoriga ko‘tarilsangiz, uning chap irmog‘i Xo‘jaqo‘rg‘on soyi bo‘yicha ilgarilab yursangiz, oldingizdan ulug‘vor 2061 metr balandlikdagi Bursi Xirmon cho‘qqisi bo‘y cho‘zib turadi. Cho‘qqining ikki yonida Zilzilbon va Xo‘jaqo‘rg‘on soylari joylashgan bo‘lib, ular asosan Paleozoy davri yotqiziqlaridan tashkil topgan.

Qatlamlarni o‘rgangan muttaxasis geolog va palentolog olimlar ularni o‘rganar ekan, go‘yoki ko‘hna kitobni o‘qigan tarixchi kabi tosh qotgan tarix varaqalarini o‘qib, o‘sha joyda million yillar oldin o‘tgan hayvonlar tuzilishini, ular tushgan qatlam yoshini va bu qatlamlar paydo bo‘lgan davrdagi tabiiy geologik sharoitni o‘qib beradilar. Qo‘riqxona hududida joylashgan 13 tabiiy yalang‘ochlanib, ichidagi qatlamlari ko‘rinib turgan yon-bag‘irlarni o‘rganish natijasida olimlar asta-sekin sobitqadamlik bilan qo‘riqxona joylashgan joyning geologik tarixini o‘qib olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Qo‘riqxona hududidagi soylarning yon-bag‘irlaridagi 13 ta yalang‘ochlangan joylarda massiv ohaktoshlar, dolomitlar bag‘rida saqlanib qolgan va har qaysisi o‘z uyasida o‘tirgan qushlar singari o‘z davri asridagi qatlamlarda saqlanib qolgan, toshqotgan va o‘tgan davrda yashagan hayvon hamda o‘simliklar qoldiqlari asosida yaratilgan. Kitob qo‘riqxonasining o‘ziga xosligi shundan iboratki, unda soylar yon-bag‘irlarida o‘tgan davrlarda yashagan hayvon va o‘simliklar qoldiqlari to‘liq saqlanib qolgan va ular asosida ushbu maydon paleografik tarixini o‘rganish imkoniyatini beradi. Bu noyob qo‘riqxona o‘simlik va hayvon turlariga ham boy bo‘lib, xilma-xil tirik organizmlarni o‘rganish va muhofaza qilish bilan biolog olimlar shug‘ullanadilar. Kitob qo‘riqxonasi hududida 500 ortiq o‘simlik turlari bo‘lib, shundan 12 tasi «Qizil kitob»ga kiritilgan. Qo‘riqxonada 200 ga yaqin dorivor o‘simliklar o‘sadi, 30 ta manzarali o‘simlik turlari bor va 30 dan ortiq o‘simlik dorivor sifatida foydalaniladi. Hayvonot dunyosi 155 turdan iborat bo‘lib, shundan ko‘pchilik qismi noyob hisoblanadi va «Qizil kitob»da qayd etilgan. Kitob qo‘riqxonasining hududi etnografik ahamiyatga ega bo‘lib, bu yerdagi qishloqda ikki qadimiy qo‘rg‘on izlari, ibtidoiy odamlar yashashi uchun qulay bo‘lgan g‘orlar mavjud. Shunday qilib, Kitob qo‘riqxonasida xalqaro etalon deb qabul qilingan noyob geologik maydonlar, shu bilan birga biologik va tarixiy-arxeologik qo‘riqlash bilan birga katta ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan biologik va tarixiy-arxeologik boyliklar ham muhofaza qilinadi (Axmedov va boshqalar, 1977).

Biosfera qo‘riqxonalari. Inson xo‘jalik faoliyatining ta’siri natijasida hosil bo‘lgan lokal (mahalliy) va global (sayyoraviy) hodisalarni to‘g‘ri tushunish va baholash uchun bu jarayonlarni o‘rganish zarur. Atrof-muhitning holatini kuzatish formalaridan biri xalqaro miqyosda biosfera qo‘riqxonalari asosida monitoring (kontrollik) xizmatining global tizimlarini yaratishdir. Biosfera qo‘riqxonalari biosferaning global umumiy holati (foni) va uning inson faoliyati ta’sirida o‘zgarishining an’analari haqida axborotlar manbai bo‘lishi kerak. Keyingi yillarda YUNESKOning tashabbusi bilan dunyo biosfera qo‘riqxonalari tashkil qilindi. Bu qo‘riqxornalarda - tabiiy ekosistemalarda hayvon va o‘simlik organizmlarining har xil turlarini saqlash, ekologik monitoring bo‘yicha kompleks biogeotsenologik (kompleks landshaft) tekshirishlar olib borish, ekosistemalarga har xil tipdagi xo‘jaliklar (o‘rmonlar barpo qilish, yerlarni o‘zlashtirish, yaylov chorvachiligi, rekreatsion foydalanish va boshqalar) ta’sirining harakteri va darajasini aniqlash ko‘zda tutiladi. Biosfera qo‘riqxonalari tabiiy ekosistemalarda o‘simlik va hayvonot dunyosining biotik komplekslari, turlarining genetik jihatdan turliligini saqlash maqsadida tashkil qilinadi. Biosfera qo‘riqxonalari uchun hudud tanlanganda, birinchi navbatda, landshaftlarning tipiklik va reprezentativlik usuliga amal qilinadi. O‘rta Osiyoda Repetek, Sarichelak va Chotqol biosfera qo‘riqxonalari tashkil qilingan.

3. Milliy bog‘lar va buyurtmalar

Buyurtmalar (zakazniklar) tabiatni muhofaza qilish tadbirlaridan biri sifatida juda qadimdan ma’lum. Buyurtmalarda larda tabiiy-geografik komplekslar, komponentlarning ayrim qismlari, ayrim hayvon yoki o‘simlik turlari muhofaza qilinib, unda qator tabiiy boyliklardan xo‘jalikda foydalanishga ruxsat beriladi. Qo‘riqxonalardan farq qilgan holda buyurtma maydonlari yer yoki o‘rmon fondidan ajratib olinmaydi. Buyurtmalar doimiy va vaqtincha bo‘ladi. Vaqtincha buyurtmalar ko‘pincha ovchilik xo‘jaliklarida ov qilinadigan hayvon va qushlarning sonini tiklash va ko‘paytirish maqsadida ma’lum muddatga tashkil qilinadi. Muhofaza qilinayotgan turlarning o‘rtacha soni tiklangandan keyin cheklov bekor qilinadi va buyurtma yana ov qilinadigan joyga aylanadi. Keyingi yillarda botanik, zoologik, geologik, ixtiologik, ornitologik va boshqa xil buyurtmalar tashkil qilinmoqda. O‘zbekistonda umumiy maydoni 197 ming gektarli 8 ta zakaznik bo‘lib, ularda Respublikamizning hayvonot va o‘simliklar dunyosi muhofaza qilinadi va tiklanadi.

To‘dako‘l cho‘l-ko‘l davlat zakaznigi 1960 yilda Buxoro viloyatining cho‘l qismida, 1952 yilda sho‘rxok To‘dako‘l botig‘iga Zarafshon daryosining toshishi natijasida hosil bo‘lgan ko‘l asosida tashkil etildi. Uning maydoni 30000 gektar. Ko‘l atrofidagi sho‘rxok cho‘lda turli xil cho‘l o‘simliklari bilan birga qamish, yulg‘un o‘sadi. Buyurtmada o‘rdaklar, oqqushlar, saqoqushlar, kulrang g‘ozlar, shuningdk, quyonlar, qamish mushugi, jayronlar muhofaza qilinadi.

Ko‘hitang tog‘-o‘rmon davlat zakaznigi Surxondaryo viloyati Hisor tizmasining janubi-sharqiy yon-bag‘irlarida, Ko‘lsoy, Sariqamish, Mochayli daralarida 1970 yilda tashkil etilgan. Buyurtmaning maydoni 43500 gektar. Bu zakaznikda burama shoxli echki (morxo‘r), tojik tog‘ qo‘yi (urial), burgut, shuningdek, arxeologik yodgorliklar – tosh davridagi ovchilarning rasmi solingan tasvirlar muhofaza qilinadi.

Nurumtubek to‘qay davlat zakaznigi 1971 yilda Qoraqalpog‘iston hududida, Amudaryoning qo‘yi qismida tashkil etilgan. Buyurtmaning maydoni 29 ming gektar bo‘lib, yovvoyi cho‘chqa, bo‘rsiq, tolay quyon, xiva qirg‘ovuli muhofaza qilinadi.

Oqbuloq tog‘ davlat zakaznigi Toshkent viloyati hududining Chotqol tizmasida joylashgan bo‘lib, Oqbuloqsoy havzasidagi hayvonlarni saqlash va ko‘paytirish maqsadida 1973 yilda tashkil etilgan. Uning maydoni 11 ming gektarni tashkil qiladi. Bu yerda yovvoyi cho‘chqa, yelik, Markaziy Osiyo echkisi, oq tirnoqli ayiq, Farg‘ona oq suvsari, suvsar, Farg‘ona bo‘rsig‘i, Turkiston silovsini, bars, ilvirs, menzbir sug‘uri va qizil sug‘ur, kaklik, burgut, tasqaralar muhofaza qilinadi.

Dengizko‘l cho‘l-ko‘l davlat zakaznigi 1974 yilda Qizilqumning janubida Buxoro viloyatida tashkil etilgan. Uning maydoni 25 ming gektar. Buyurtmaning asosiy qismi hisoblangan Dengizko‘lda mavsumiy va qishlovchi qushlar (o‘rdaklar, g‘ozlar, loyxo‘rak, baklanlar, qizilg‘oz) va ko‘lga suv ichish uchun keladigan hayvonlar (cho‘chqa, jayralar, sassiq ko‘zan, quyonlar, tolay quyon, tuvaloq, qorabovurlar) muhofaza qilinadi.

Amudaryo qayir davlat zakaznigi qayirda uya qo‘yuvchi va mavsumiy suv parrandalarini muhofaza qilish maqsadida 1974 yilda Qoraqalpog‘iston hududida tashkil etilgan. Uning maydoni 60 ming gektarni tashkil qiladi.

Shabboz to‘qay zakaznigi Amudaryoning chap sohilidagi (Xorazm vohasi) yovvoyi cho‘chqa, chiyabo‘ri, qum bo‘rsig‘i, qamish mushugi, qum quyoni, Xiva qirg‘ovulini himoya qilish hamda Shabboz massividagi to‘qaylarda yashagan xongul bug‘usi va yeliklarni tiklash maqsadida 1974 yilda tashkil etilgan. Uning maydoni 3800 gektarni tashkil qiladi.

Xorazm cho‘l davlat zakaznigi Xorazm vohasining g‘arbiy chekkasida 1976 yilda tashkil etilgan. Uning maydoni 11300 gektar, shundan 3500 gektari ko‘llardir (Eshonravotko‘l, Buriyatko‘l, Ulushurko‘l, Kumushkon va boshqalar). Buyurtma suv havzalariga va qumli cho‘larga xos hayvonlarni tiklash va muhofaza qilish maqsadida barpo qilingan.

Arnasoy cho‘l-ko‘l zakaznigi Shimoliy Nurota tizmasining shimoliy etaklaridagi Aydar, Tuzkon, Arnasoyga 1969 yildagi suv toshqini vaqtida Sirdaryo havzasidan Chordara suv ombori va Mirzacho‘ldan kollektor-drenaj suvining kelib qo‘shilishi natijasida uzunligi 160 kilometr va eng serbar joyi 30 kilometrga yetadigan katta ko‘l – Arnasoy ko‘li hosil bo‘lgan edi. 1977 yili Jizzax shahridan 60 kilometr shimolda maydoni 63 ming gektar bo‘lgan Arnasoy ko‘li qo‘riqxonasi tashkil etilgan edi. Qo‘riqxonada sho‘rxoklar, botqoqliklar, lyossli tekisliklar uchraydi. Tuzkon ko‘li ham qo‘riqxona tarkibiga kiradi. Qo‘riqxonaning lyossli, tekislik qismida cho‘l uchun xos bo‘lgan efemer o‘simliklar (lolaqizg‘aldoq, qiyoq, qo‘ng‘irbosh va boshqalar), juzg‘un o‘sadi. Qamish va butazorlarda ondatra, yovvoyi cho‘chqa, bo‘ri, bo‘rsiq, to‘qay mushugi va boshqa hayvonlar yashaydi. Qo‘riqxona akvatoriyasida qishda va bahorda o‘rdak, g‘oz, oqqush, qorabuzov, qirg‘ovul va boshqalar to‘planadi. Shuningdek, bu yerda sazan, laqqabaliq, mo‘ylovbaliq, oqqayroq, qizilqanot va boshqalar urchitiladi. 1987 yil Arnasoy qo‘riqxonasi, ornitologik buyurtmaga (zakaznikka) aylantirildi. Arnasoy zakaznigining asosiy vazifasi cho‘l va sun’iy hosil bo‘lgan akvatoriyada yashovchi va qishlovchi qushlarni o‘rganish va muhofaza qilishdan iborat.

Tabiat yodgorliklari. Ba’zan ilmiy, madaniy va tarixiy jihatdan qimmatli tabiiy ob’ektlarni muhofaza qilish uchun katta maydonlarni ishg‘ol qilmagan qimmatli tabiiy ob’ektlar «tabiat yodgorliklari» deb e’lon qilinadi va jiddiy muhofaza ostiga olinadi. Tabiat yodgorliklari tabiatning o‘tmishi va unda sodir bo‘layotgan jarayonlar haqida ma’lum darajada aniq guvohlik beradi. Masalan, valunalar-muzlik qoldiqlari, «qo‘y peshonalari» - muzliklarning qoyalarga ishqalanishi, jimjimador qoyalar – tog‘ jinslari nurashining guvohi. Tabiat yodgorliklariga sharsharalar, geyzerlar, g‘orlar, relefning ajoyib shakllari, geologik ochilib qolgan joylar, ayrim daraxt, tarixiy obidalar va boshqa ob’ektlar kiritiladi. Tabiat yodgorliklarining ko‘zga yaqqol tashlanb turadigan xo‘jalik ahamiyati bo‘lmasligi mumkin, lekin ularning ilmiy, tarixiy, madaniy-estetik ahamiyati ko‘pincha juda katta bo‘ladi. Shuning uchun ularni muhofaza qilish zarur. Umumiy xususiyatiga qarab tabiat yodgorliklari geologik-geomorfologik, botanik, paleontologik, astronomik va landshaft yodgorliklariga bo‘linadi.

G ye o l o g i k – g ye o m o r f o l o g i k yodgorliklarga ochilib qolgan tog‘ jinslari qatlamlari, g‘orlar, karst relefi shakllari, so‘ngan vulqon kraterlari, geyzerlar, diqqatga sazovor qirg‘oqlar, qo‘y peshonalar, noyob relef shakllari, qoyalar va boshqalarni kiritish mumkin. Masalan, Zomin tog‘laridagi afsonaviy «Qirq qiz» va boshqalar bunday ob’ektlarga yaqqol misol bo‘ladi (3-rasm). O‘rta Osiyoda 1500 dan ortiq g‘orni tabiat yodgorligi sifatida muhofazaga olish mumkin.

B o t a n i k yodgorliklarga yo‘qolib ketayotgan relikt o‘simliklar o‘sadigan uchastkalar, dashtlardagi o‘rmon massivlari yoki o‘rmonlar orasidagi dasht uchastkalar, alohida saqlanib qolgan keksa daraxtlar va boshqalar kiritiladi. Respublikamizda bunday ob’ektlarga Sayrobdagi 700-1000 yoshli chinorni, Urgutdagi, Boysundagi Chorchinorlarni va boshqalarni kiritish mumkin.

P a l ye o n t o l o g i k yodgorliklarga toshga aylanib ketgan va izlari saqlanib qolgan o‘simlik qoldiqlari ochilib qolgan joylar hamda qirilib ketgan hayvonlar qoldig‘i, izi uchraydigan uchastkalar misol bo‘la oladi. Tabiat yodgorliklari tabiatni muhofaza qiluvchi tashkilotlar tomonidan hisobga olinishi va kartaga tushirilishi kerak. Ularning ilmiy va estetik ahamiyatini baholash asosida muhofaza qilish darajasi aniqlanadi (mahalliy, viloyat, respublika, xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan tabiat yodgorliklari).

Milliy (tabiiy) bog‘lar chet ellarda hududlarni muhofaza qilishning asosiy shaklidir. «Milliy» so‘zi mazkur hududning xususiy mulk emas, balki butun millatga qarashli ekanligini bildiradi va muhofaza tadbirlari davlat tomonidan amalga oshiriladi. Hozirgi vaqtda tabiatni muhofaza qilishdagi eng muhim vazifa tabiiy boyliklardan foydalanishda ularni muhofaza qilishni ishlab chiqarish bilan birga qo‘shib olib borishni ta’minlash hamda insonning tabiatga ta’sir etishini barqarorlashtirishdan iborat. Tabiatni muhofaza qilish deganda tabiiy-boyliklardan unumli foydalanishda ularni ishlab chiqarish, tabiiy muhitni hozirgi yashayotgan va kelajak avlodlarning moddiy va ma’naviy talablarini qondirishga qaratilgan davlat, xalqaro va jamoatchilik tomonidan amalga oshirilgan ilmiy asoslangan tadbirlar tuzilmasi tushuniladi. Tabiatni muhofaza qilishning asosiy yo‘llardan biri – milliy (tabiiy) bog‘lardir. «Milliy» so‘zi uchastkaning ayrim kishisiga emas, balki davlatga qarashli ekanligini bildiradi. Milliy park termini XIX asrning ikkinchi yarmida alohida muhofaza qilinadigan hududlar vujudga kelgan vaqtda paydo bo‘ldi. Milliy bog‘larda inson tomonidan kam o‘zgartirilgan fauna va floraga boy bo‘lgan xushmanzara landshaftlar muhofaza qilinadi.

Milliy bog‘larda dam oluvchilarga turli xil xizmatlar ko‘rsatiladi, bu esa, muhofaza qilinadigan hududlarning moliyaviy tejamkorligini ta’minlaydi. Sayyohlardan keladigan daromad qo‘riqlanadigan hudud tabiiy boyliklaridan, sanoat va qishloq xo‘jaligida foydalanishdan keladigan daromaddan ancha yuqori. Hududlardan maqsadli foydalanish G‘arb mamlakatlariga ko‘proq daromad keltirmoqda. Tabiiy bog‘lar mamlakatimizda odatdagi foydalanish o‘rniga uzoq muddatga aholining dam olishi maqsadida ajratib qo‘yiladigan katta-katta hududlardir. Shu vazifaga muvofiq bog‘da butun tabiat jiddiy muhofaza qilinadi va zarur hollarda uni tiklash va yaxshilash choralari ko‘riladi. Tabiiy bog‘lar tabiatni diqqatga sazovor va landshaftlari xilma-xil, kam o‘zlashtirilgan xushmanzara rayonlarda tashkil qilinadi. Ular ilmiy, madaniy, estetik yoki tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan tabiiy komplekslarning nodir ob’ektlari, landshaftlarini saqlash uchun tashkil qilinib, tabiatni muhofaza qilishning maxsus rejimi bilan saqlanadi.

Tabiiy bog‘larning asosiy vazifasi xushmanzara landshaftlarda aholining dam olish imkoniyatini ta’minlash bo‘lib, bunga tabiatni kompleks muhofaza qilish asosidagina erishish mumkin. Bog‘larga dam oluvchilarning borishi to‘g‘ri tashkil qilinganda ular katta maydonlardagi tabiiy komplekslarni saqlash va tiklashni ta’minlaydi, bu jihatdan bog‘lar qo‘riqxonalarga o‘xshab ketadi. Tabiiy bog‘lar atrofidagi ommaviy dam olish uchun mo‘ljallangan istirohat zonalaridan farq qilib, ularga guruh bo‘lib yoki individual borish reglament bo‘yicha ruxsat etiladi. Tabiiy bog‘lardan maqsadli foydalanishda har bir aniq holat uchun, bog‘ning har bir uchastkasi uchun oldindan mufassal izoh berib qo‘yiladi. Bog‘ hududi foydalanish va muhofaza qilish rejimi turlicha bo‘lgan uchastkalarga – zonalar (qo‘riqxona, zakaznik, tabiat yodgorliklari, dam olish zonasi va boshqalar)ga bo‘lib qo‘yiladi. Shunday qilib, tabiiy bog‘larni tashkil qilishda bog‘ maydoni, tabiiy sharoiti (relef, o‘simlik tiplari)ni hisobga olish zarur. Bu esa bog‘ tabiiy landshaftlarini uzoq muddat saqlashga imkon beradi. Bog‘larni tashkil qilish uchun joy tanlashda muhim shartlardan biri bog‘ning undan foydalanadigan aholi turar joylariga yaqin bo‘lishidir. Bog‘ bilan aholi punkti o‘rtasida mustahkam aloqa o‘rnatilishi kerak. O‘rta Osiyoda ham keyingi yillarda tabiiy (milliy) bog‘lar tashkil qilinmoqda.

Qirg‘izistondagi Arslonbob milliy bog‘i 1976 yilda Janubi-G‘arbiy Tyanshanda Babushotin tog‘ massivi yon-bag‘irda 1000 metrdan 4000 metrgacha va undan yuqori balandliklarda tashkil qilindi. Arslonbob Osiyo qit’asida katta massivda yong‘oq o‘rmoni saqlangan yagona joydir. Milliy bog‘ning maydoni 19 ming gektar. Qirg‘izistonda 1982 yilda Frunze shahridan uncha uzoq bo‘lmagan joyda Olaarcha tabiiy bog‘i, Tojikistonda 1992 yilda O‘rta Osiyoda maydoni jihatdan eng katta bo‘lgan «Tojikiston milliy bog‘i» tashkil etildi. Qo‘yida O‘rta Osiyoning ayrim tabiiy bog‘lariga ta’rif beramiz.

Zomin xalq tabiiy bog‘i. Zomin xalq tabiiy bog‘i 1976 yil 3 sentyabrda 45590 gektar maydonda tashkil etilgan. Bog‘ Turkiston tog‘larining Shimoliy yon-bag‘irda Sangzor va Zomin daryolari havzasida, xushmanzara va xilma-xil tik landshaftlar poyasida dengiz sathidan 1000-4030 metr balandlikda joylashgan. Noyob va tipik landshaftlar bilan birga, archa o‘rmonlari ekologik sistemalarning bir butunligi, bu hududda inson tomonidan kam, mutlaqo o‘zgarmagan tabiiy komplekslarning ko‘pligi xalq bog‘ini tashkil etishga asosiy shart bo‘ldi. Bog‘ geologik jihatdan, asosan Paleozoy erasi (silur, devon, karbon davrlar)ning cho‘kindi jinslaridan ohaktosh, kristall slanes va qumtoshlaridan iborat. Devon davrining ohaktoshlaridan iborat bo‘lgan hududlarda karst keng tarqalgan. Karst shakllari-karrlar, karst voronkalari, Supa platosining chekkasi va Ko‘lsoy darasida keng tarqalgan. Paleogen, ayniqsa, Neogen davrining yotqiziqlari qizg‘ish rangli gil, qumtosh va konglomeratlar ko‘rinishda Ko‘lsoy va Qizilmozorsoy havzasining o‘rta qismida keng tarqalib, relef turli shakllarini hosil qilgan. Zomin xalq bog‘ining relefi tog‘li, har xil chuqurlikdagi katta-kichik soyliklar, nurash ta’sirida paydo bo‘lgan o‘nqir-cho‘nqirlar va tog‘ yon-bag‘irlari tik bo‘lib, turli tomonga yo‘nalgan suv ayirg‘ich – yon tizmalaridan iborat. Zomin tog‘i (Turkiston tizmasi) markaziy suv ayirg‘ichining ikki yon tomoni – Janub va Shimol tomonlariga tik tushgan; eng baland cho‘qqisi 4033 metr bo‘lib, g‘arb tomonga pasayib boradi. G‘o‘ralash davonining balandligi 2750 metr.

Tabiiy Xalq bog‘ining iqlimi tipik tog‘ iqlimi bo‘lib, qishi sovuq, yozi esa nisbatan salqin. Ko‘lsoy meterologik stansiyasining ma’lumotiga ko‘ra, absolyut minimum – 320, absolyut maksimum +330. eng yuqori harorat iyul va avgust, eng past harorat dekabr va yanvar oylarida kuzatiladi, sovuqsiz davr o‘rgach 140 kun davom etadi. Ko‘p yillik o‘rtacha yog‘in-sochin miqdori 450 mm dan 700-800 mm gacha. Bog‘da qish barqaror bo‘lib 5 oy davom etadi. Tog‘ning baland qismida noyabr oyidan may-iyun oygacha qor saqlanadi. Bog‘ hududida uncha katta bo‘lmagan daryolar – Sangzor (irmoqlari – G‘uralash, Qizilturi soy va boshqalar) bor. Bu daryolar Turkiston tizmasining eng baland qismidan boshlanadi. Sangzor daryosining ko‘p yillik o‘rtacha suv harajati sekundiga 4,9 m3/sek. Zomin xalq bog‘ining o‘simlik qoplami xilma-xil. O‘simlik qoplamining quyidagicha uchta balandlik (vertikal) mintaqasi (balandlik poyaslari) mavjud:

1. O‘simlik qoplami har xil o‘tlar, betaga va bug‘doyiqdan iborat bo‘lgan tog‘ dasht mintaqasi (1300-2300m balandlikda);

2. O‘rmon mintaqasi. Bu mintaqa dengiz sathidan 2000-2100 metrdan boshlanib, 2700-2800 metrgacha davom etadi. Bu yerda har xil o‘tlar va betagadan tashqari, archa o‘sadi. Archa o‘rmonlari - Turkiston archasi (o‘rikarcha), yarim sharsimon archa (sovurarcha) va Zarafshon archasi (qizilarcha) turlaridan iborat. Archa o‘rmonlarining yoshi o‘rtacha 200 yil. O‘rmon mintaqasida archa daraxtlaridan tashqari shilvi (uchqat), na’matak, irg‘iy, zirk va boshqa turli xil butalar o‘sadi;

3. Baland tog‘ (subalp) mintaqasi 2700-2800 metrdan boshlanib, bu yerda har xil tikanli (tog‘li kserofit) o‘simliklaridan tashqari turli-tuman subalp o‘tlari o‘sadi.

Zomin xalq bog‘ining hayvonot dunyosi turli-tumandir. Bog‘ hududida va atroflarida sudralib yuruvchi hayvonlarning 6 turi, parandalarning 63 ta va sutemizuvchilarning 18 turi mavjud. Bu yerda sutemizuvchilardan – oq tirnoqli ayiq, to‘ng‘iz, silovsin, bo‘ri, tog‘ echkisi, arhar (tog‘ echkisi), jayron va boshqalar; parandalardan – kaklik, qirg‘iy, burgut, boltayutar, Himolay kurkasi; sudralib yuruvchilardan – qalqon tumshiqilon, giparilonlar va boshqalar yashaydi. Zomin xalq bog‘i tabiiy, ijtimoiy – iqtisodiy va rekreatsion xususiyatlarga ko‘ra, funksional zonalarga ajratilgan yagona rejalashtirilgan tizimdan iborat. Bog‘ hududi quyidagi uchta zonaga bo‘linib, bu funksional zonalar tog‘-o‘rmon mintaqasi, tuproq, suvni saqlash, xo‘jalik va rekreatsion ahamiyatga ega bo‘lgan flora va faunasini saqlash maqsadiga xizmat qiladi.

1) Qo‘riqlanadigan zonaga barcha tabiiy zonalarni o‘z ichiga olgan uchastkalar (O‘rta Osiyo o‘rmonchilik ilmiy tadqiqot institutlarning Kulsoy tayanch punkti) kirgan. Bu zonaga ilmiy xodimlardan boshqa hech kim qo‘yilmaydi. U yerda tabiatni muhofaza qilishning qo‘riqxona rejimi o‘rnatilgan;

2) Rekreatsiya uchun chegaralangan zonada faqat turistik gruppalarga so‘qmoqlar ajratilib, bir kunlik sayohatga borib kelishiga ruxsat etiladi. Bu zona qo‘riqxona uchun bufer vazifasini bajaradi;

3) Intensiv rekreatsiya zonasi bog‘ning asosiy transport magistrali hisoblangan Zomin-Baxmal avtomobil yo‘lining ikki tomonida, dengiz sathidan 2000 metrdan 3000 metrgacha balandlikda joylashgan kompakt hududdir.

Bu zona tarkibiga rekreatsiya uchun eng qulay va borish oson bo‘lgan noyob xushmanzara landshaftlar, archazorlar, tabiat yodgorliklari va boshqa tabiiy ob’ektlar kiradi. Bu yerda rekratsiyaning hamma turlari, shuningdek, dam oluvchilarni joylashtirish, ularga madaniy-maishiy, tibbiy, transport xizmati ko‘rsatish boshqa xizmat turlari yo‘lga qo‘yilgan. Shuni aytish kerakki, Zominsoy va Sangzor daryosi havzalarida joylashgan bu tabiiy bog‘, ayniqsa, uning Supa deb nomlanuvchi hududining landshaft sharoitlari, dengiz sathidan 2200-2400 metr balandligi, tekis relefi, yer usti tuzilishi, fitotsidlarga boy sof havosi, yumshoq iqlimi, chiroyli o‘rmon manzaralari va boshqa o‘ziga xos xususiyatlari bilan tog‘ sporti markazini yaratish va qishki sportning hamma turlarini rivojlantirish hamda tashkil etish uchun juda qulaydir. Ko‘pgina mutaxassislarning fikricha, iqlim sharoiti, relefi jihatidan bu joy Rossiya, Avstriya, Fransiya, Polsha, Chexiya, Ruminiya, Bolgariyadagi tog‘ sporti markazlaridan ancha yuqori turadi. Hozirgi vaqtda Zomin milliy bog‘ida katta tashkiliy ishlar olib borilmoqda.

Tojikiston milliy bog‘i. Tojikiston milliy bog‘i, Tojikiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 1992 yil 20-iyuldagi qarori asosida tashkil etilgan. Tojikiston Milliy bog‘ini tashkil etishning maqsadga muvofiqligi shundan iboratki: noyob va xilma-xil landshaftlarni, hayvonot va o‘simliklar dunyosini saqlash; tog‘li yerlarni xo‘jalik va rekratsion o‘zlashtirishni tartibga solish; shu maydonda va shunga tutash rayonlarda qulay ekologik balansni saqlab turish.

Tojikiston Milliy bog‘i tabiatni bir butun muhofaza qilish hududi bo‘lib, o‘zining maydoni bo‘yicha Markaziy Osiyoda tengi yo‘qdir. Maydoni 2,6 mln. gektar (Tojikiston Respublikasining 18%) tashkil etib, tog‘ va juda baland tog‘lar ekosistemalari (landshaftlari) spektrlariga ega, bog‘ hududi shu makroregion uchun harakterli bo‘lgan hamma komplekslarni saqlash va barqaror rivojlantirishni ta’minlash qobiliyatiga ega. O‘zining kelib chiqishi, geologik tuzilishi, joyning relefi va iqlim ko‘rsatkichlari bo‘yicha milliy bog‘ hududiga uchta makro-region kiradi. Pomir – bu, yuqori balandlikda joylashgan oblast bo‘lib, mutlaq balandligi 3700-5000 m joylashgan, berk cho‘kmali daryo vodiylari va balandligi 6000 metrga yetgan tog‘ tizmalaridan iborat. Daryo vodiylarining kengligi 10-15 km yetib, ko‘pincha morena yotqiziqlari bilan qoplangan. Bu yerda muzlik va o‘pirilma (qulab tushish) natijasida kelib chiqqan juda chiroyli ko‘llar ko‘p. Ulardan eng kattasi Qorako‘l (3914 m) bo‘lib, maydoni 380 km2. Bu ko‘l, hozirgi vaqtda berk havza bo‘lgan ulkan botiq tagida joylashib, suvi sho‘r-achchiq (taxir) taamga ega. Pomirda keng bo‘ylab cho‘zilgan Oloyorti, Pshart, Janubiy va Shimoliy Alichur, Bozar-Dara va boshqalar, shuningdek meridional joylashgan: Zulmurat, Muzko‘l va Sariqol joylashgan. Bu yerda balandligi dengiz sathidan 5-6 ming m bo‘lgan cho‘qqilar ko‘pdir. Badaxshon boshqacha manzaraga ega. U ko‘pincha tik kesib tushgan yon-bag‘irlari tog‘ tizmalaridan (Vang, Yozgilam, Darvoz, Ravshan, Shugian) baland ko‘tarilgan g‘arb tomon oquvchi chuqur va tor darali daryolar bilan kesilgan. Balandlik farqi tebranish (amplitudasi) bu yerda 5000 m yetadi. Daryolari ko‘pgina ostonalarga ega bo‘lib juda tez oqadi. Bu shubhasiz suv sayyohlari uchun katta qiziqishga ega. Badaxshonning yuqori qismida, 3330 m balandlikda, Pomirning gavhari (durdonasi) bo‘lgan Sarez ko‘li yotibdi. Bu ko‘l kuchli yer qimirlash vaqtida tog‘ yon-bag‘irning qulab tushishi natijasida 1911 y hosil bo‘lgan. Ko‘lning uzunligi 60 km, eng chuqur joyi 505 m bo‘lib, suv zahirasi 17 km3.

Tojik milliy bog‘ining Shimoli-G‘arbiy mintaqasi, bu – Fanlar Akademiyasi, Belsulin, Shimoliy Tonimas tizmalari bilan baland – tog‘ tugunidir. Bu yerda mamlakatdagi eng baland cho‘qqilar joylashib, ular orasida eng balandi I.Somoni 7495 mm cho‘qqisidir. Muzliklar bir necha yuz kvadrat kilometrlarni qoplab yotadi. Ular orasida uzunligi 72 km bo‘lgan Fedchenko muzligi ajralib turadi. Tojik Milliy bog‘ida 2000 turdan ortiq o‘simliklar o‘sadi. Ulardan ko‘plari endemik bo‘lib, Respublika Qizil Kitobiga kiritilgan. Milliy bog‘ning hayvonot dunyosi ham o‘ziga xos noyobdir. Sut emizuvchilarning 16 turi uchraydi, ulardan ayniqsa og‘irligi 250 kg yetadigan va uzunligi 180 sm yetadigan katta burama shoxli Pomir arhari diqqatga sazovordir. Bog‘ning qoyali rayonlarida tog‘ takasi galalari yashaydi. O‘sha joylarda esa ularni ovlovchi qor yo‘l barsi uchraydi. Tog‘ yon-bag‘irlari va vodiylarda yilning 8-oyi uyquda, faqat yozda faol hayot kechiruvchi uzun quyruqli sug‘urlar to‘dasi joylashgan. Uzoq vaqtga qadar Pomirning noyob tabiati va chiroyi dunyo jamoasi uchun yetib bo‘lmaydigan o‘lka bo‘lib keldi. Tojik Milliy bog‘ining tashkil etilishi turizmni rivojlantirish va milliy bog‘ning rekratsion imkoniyatlaridan foydalanishni ko‘zda tutadi. Shimoli-G‘arbiy Pomirda joylashgan va alpinistlarning qadimdan diqqatini jalb qilib kelayotgan Ismoil Somoni (avvalgi Kommunizm cho‘qqisi), Lenin cho‘qqisi, Revolyutsiya cho‘qqisi va boshqalarga chiqish uchun imkoniyatlar vujudga keldi. Milliy bog‘ bo‘ylab o‘rtacha va oliy kategoriya murakkabligidagi bir qancha turistik marshrutlar o‘tkazilgan. Bu marshrutlar ekologik turizm nuqtai nazaridan katta o‘rganish (bilish) ahamiyatiga ega.

O‘rta Osiyoning biosfera rezervantlari. Avvalo shuni aytish kerakki, biosfera rezervati deganda biologik xilma-xillikni saqlashni va bir vaqtda mintaqaning barqaror iqtisodiy rivojlanishi tushuniladi. Ular tabiiy va madaniy landshaftlarni saqlash maqsadida tashkil etiladi. Shunday qilib, inson va barqaror xo‘jalik rivojlanishi, shunga o‘xshash alohida muhofaza qilinadigan hududlarni yaratishning asosiy tamoyillaridan biridir. Biosfera rezervati konsepsiyasi YUNESKO tomonidan «Inson va biosfera» dasturi doirasida ishlab chiqilgan edi. Birinchi biosfera hududlari 1976 yilda paydo bo‘ldi. Hozirgi kunda butun dunyo biosfera rezervatlari turlari 97 mamlakatning 411 ob’ektini qamrab olgan. YUNESKO tomonidan tan olinishi, har bir biosfera rezervati uchun alohida (maxsus) status olinganligini bildiradi. Xalqaro mezonlarga ko‘ra biosfera rezervatlari hududida uchta zona ajratiladi: qo‘riqlanadigan zona, bufer zona va o‘tkuvchi (perexodnaya) zona.

Qo‘riqlanadigan zona – inson faoliyati natijasida o‘zgarmagan yoki juda kam o‘zgargan tabiiy tizimlarni – landshaftlarni o‘z ichiga oladi.

Bufernaya zona – birinchidan, qo‘riqlanadigan zonani inson xo‘jalik faoliyatining salbiy oqibatlaridan himoya qilish uchun, ikkinchidan bu yerda har xil eksperimental tekshirish ishlari olib boriladi, jumladan tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish usullari ishlab chiqiladi.

O‘tquvchi yoki rivojlanish zonasi biosfera rezervatlarining qo‘riqlanadigan zonasidan boshqa hamma uchastkalarini qo‘shib oladi. Rivojlanish zonasida yaylovlar, dehqonchilik qiladigan uchastkalar, qishloq tipidagi aholi turar joylari va boshqalar joylashadi. Biologik rezervat rivojlanish zonasi hududida hamma tomonlarning bevosita hamkorligi va o‘zaro kelishuvi asosida tabiiy resurslarni barqaror boshqarishi kerak. Qirg‘izlar qadimdan Issiqko‘lni muqaddas ko‘l deb hisoblab kelar edilar. Shuning uchun 1948 yilda ko‘l atrofida birinchi qo‘riqxona paydo bo‘ldi, qolgan alohida muhofaza qilinadigan hududlar keyinchalik yaratiladi. Bu alohida muhofaza qilinadigan hududlar uncha katta bo‘lmagan uchastkalarni ishg‘ol qilar edi. O‘rta Osiyoda birinchi biosfera rezervati Qirg‘iziston Respublikasida tashkil etilgan edi. 1998 yilda Qirg‘iziston davlati butun Issiqko‘l oblastini «Issiqko‘l» biosfera hududi deb e’lon qildi. 2000 yili shunga muvofiq ishlarni bajarish uchun qaror qabul qilindi, 2001 yildan esa, biosfera hududini boshqarish strukturalarini tashkil etish boshlandi. 2001 yil sentyabr oyida «Issiqko‘l» biosfera hududi YUNESKO tomonidan rasmiy tan olinib, Butun dunyo Biosfera rezervati To‘riga qo‘shildi. «Issiqko‘l» rezervatining YUNESKO tomonidan tan olinishi Qirg‘iziston mamlakatining noyob madaniy va tabiiy landshaftlarni saqlash uchun butun kuchini safarbar etishga majbur etadi. Issiqko‘lning uzunligi 160 km, kengligi ayrim joylarda 60 km yetadi. Ko‘l dengiz sathidan 1600 m balandlikda joylashgan.

Nurota – Qizilqum biosfera rezervati. Tashkil etilayotgan Nurota – Qizilqum biosfera rezervati Markaziy Osiyo mamlakatlarida, ikkinchi (Qirg‘izistondan keyin) biosfera hududi bo‘lib, jahon jamoatchiligi tomonidan qo‘llab – quvatlanmoqda va hozirgi zamon xalqaro talab va mezonlariga javob beradi. Bu biosfera rezervati mamlakatimizning Jizzax, Samarqand va Navoiy viloyatlari tutashgan joyida joylashgan. Bu mintaqa Zarafshon va Sirdaryo daryolarining o‘rtasida O‘rta Osiyoning tog‘ tizmalaridan tekislik sahrolariga o‘tkuvchi (perexodnoy) zonada joylashib, sayyoramizning ulkan sahrolaridan biri bo‘lgan Qizilqum sahrosining janubiy qismini, Aydarko‘l va Tuzkon ko‘llarini va Pomir-Oloy tog‘ tizmasining shimoli-g‘arbiy tormog‘i – Nurota va Qo‘ytosh tizmalarini ishg‘ol qiladi.

Bu hudud nafaqat tabiiy landshaftlari bilan, balki o‘zining flora va faunalari bilan ham noyobdir. Masalan, bu hudud yer shari bo‘yicha faqat shu yerda Xalqaro Qizil Kitobga kiritilgan, arharning endemik turchasi (podvidi) bo‘lgan Seversov qo‘ylari yashaydigan yagona joydir. Bu yerda 100 dan ortiq tarixiy va arxeologik yodgorliklar bor. Yana shuni aytish kerakki bu zonada ikkita alohida muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar mavjud edi. Ushbu hududda 1975 yilda Nurota davlat qo‘riqxonasi tashkil etilgan bo‘lib, uning maydoni 40 ming gektarni tashkil qilgan edi. U noyob landshaftlarni (ekotizimlarni), Nurota tog‘ tizmasining o‘simlik va hayvonot dunyosini, eng birinchi navbatda esa Arhar qo‘yining endemik turini (Seversov qo‘yini) saqlash uchun yaratilgandi.

Ilgari vaqtda bu yerda Arnasoy qo‘riqxonasi mavjud bo‘lib, 1987 yilda u qaytadan tuzilib arnasoy ornitologik buyurtmasiga (zakaznigiga) aylantiriladi. Arnasoy ornitologik buyurtmasi tomonidan kam uchraydigan, uya quradigan va suvda suzuvchi qushlarni saqlash maqsadida ikkinchi muhofaza hududi yaratildi. Ammo ikkita muhofaza qilinadigan tabiiy hududning borligi biologik xilma-xillik muommasini yechaolmadi. Aksincha keyingi o‘n yilliklarda u keskinlashdi. Asosiy xavf inson xo‘jaligi faoliyati - mollarni uzoq vaqt tartibsiz boqish, o‘tin uchun daraxtlarni va butalarni kesish va boshqalar bo‘lib, ular atrof-muhitda salbiy oqibatlarga olib keladi, aholining yashash sharoitini yomonlashtiradi va oxir- oqibatda, ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muommalarning keskinlashuviga (ayniqsa tog‘li qismida) sabab bo‘ladi. Biosfera hududining yaratilishi biologik xilma-xillikni saqlashga va tabiiy resurslarni tiklash va barqaror rivojlanishga qaratilgan yerdan foydalanishning yangicha usullarini qo‘llash bilan mahalliy xalqning yashash sharoitini yaxshilashga imkon berishi kerak.

Nurota-Qizilqum biologik rezervatini tashkil etish g‘oyasi, 1992 yilda Nurota tog‘ tizmasi hududiga bir guruh Germaniya tabiatni muhofaza qilish ittifoqining a’zolari va ekolog olimlari ekspeditsiya a’zolari tomonidan aytilgan edi. Ekspeditsiya chog‘ida biolog, geograf olimlar shu hududda jahon talablariga javob beradigan biosfera rezervatini yaratish zarur, degan fikrga keldilar. Loyihaga 2000 yildan boshlab BMTning rivojlanish dasturi, Global ekologik jamg‘armasi doimiy ravishda yordam berishi ko‘zda tutilgan. 2001 yildan Global ekologik jamg‘armasi, BMTning rivojlanish dasturi va O‘zbekiston Respublikasi hukumati O‘zbekistonda biologik xilma-xillikni saqlashning modeli sifatida Nurota-Qizilqum biologik rezervatini yaratish loihasini amalga oshirishga kirishdi. Nurota-Qizilqum biologik zaxirasi, bu biz uchun yangi tushunchadir. U rezervatning hamma hududida barqaror rivojlanishni va tabiiy komplekslarni, ekosistemalarni, madaniy meroslarni saqlashni ko‘zda tutdi. Uning hududida uchta zona – qo‘riqxona, bufer va barqaror rivojlanish zonasi bo‘ladi. Biosfera rezervati hududida 3 ta qo‘riqxona zonasi (tog‘, sahro va suv havzasi) va 5 ta muhofaza zonasi (2 tog‘, 2 sahro va 1 ko‘l) ajratiladi.

Biosfera rezervatining maydoni 1,08 mln.ga, shu jumladan 57100 ga qo‘riqxona zonasi va 166524 ga muhofaza zonasi tashkil etadi. Suv yuzasi, umumiy maydonning 18% ishg‘ol qiladi. Bu olamshumul ahamiyatga ega bo‘lgan biologik xilma-xillikni, ekotizimlarni, landshaftlarni, tarixiy va madaniy boyliklarni saqlashga imkon beradi. Bu eng avvalo tabiiy muhitga antropogen omilning negativ ta’sirlarini kamaytirish, cho‘llanish (sahrolanish) jarayonlarini sekinlashtirish, buzilgan (yomonlashgan - degradatsiyalashgan) ekosistemalarni tiklash hisoblanadi. Nurota-Qizilqum biosfera hududi, tabiiy boyliklarni muhofaza qilish va foydalanishning yanada samarador usullarini amalga oshirish uchun mahalliy va Respublika rejalashtirish tashkilotlari uchun yo‘nalish bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Va nihoyat milliy va regional ko‘lamda u biologik xilma-xillikni saqlashning barqaror rivojlanishining hozirgi zamon yo‘llarini namoyish qiladi.

Buxoro jayron qo‘riqxonasi. Jayron O‘rta Osiyo va Janubiy Qozog‘iston cho‘llarida yashaydigan hayvon turlaridan bo‘lib, O‘rta Osiyo cho‘llari va Sharqiy Zakavkazeda keng tarqalgan. Jayronni qadimdan qoplon, it, burgut, o‘rgatilgan gepardlar yordamida ov qilingan. Keyingi o‘n yillikda avtomashinalar bilan ov qilish natijasida jayron soni keskin kamayib ketdi. Endilikda jayronni ovlash barcha ittifoqdosh respublikalarda man qilingan. Jayron muhofaza qilinuvchi nodir tur sifatida xalqaro «Qizil kitob»larga kiritilgan. O‘rta Osiyo va Ozarbayjonda jayronni muhofaza qilish uchun maxsus qo‘riqxona va zakazniklar tashkil qilingan. Jayronni yarim ochiq sharoitda saqlash, ko‘paytirish maqsadida 1977 yili eng tipik cho‘l landshaftlaridan iborat hududida, Qizilqumning janubida, Kogondan quyiroqda Buxoro pitomnigi tashkil etildi. Qo‘riqxonaning atrofi 36 kilometr uzunlikda sim to‘rlar bilan o‘ralgan. Unda zaruriy gidromeliorativ va biotexnik ishlar olib borilgan. 1978 yili may-noyabr oylarida 19 urg‘ochi va 25 erkak jayron olib kelindi. Hozir ularning soni birmuncha ko‘payib, 300 boshdan oshib ketdi. 5 ming 600 gektar yerni egallagan bu maydonda jayronlarning yashashi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Bu qo‘riqxona O‘rta Osiyoda birinchi bo‘lib tashkil etilgan. Bu qo‘riqxonaga jayronlarni va kamayib ketayotgan boshqa hayvonlarni ko‘paytirish vazifasi yuklatilgan. Hozirgi vaqtda bu yerda Prejevalskiy otlari ham ko‘paytirilmoqda.

Adabiyotlar:

  1. Алибеков Л.А., Нишонов С.А. – Природные условия и ресурсы Джизакской области. Ташкент, «Ўзбекистон», 1978 г.
  2. Алибеков Л.А. – Ландшафты и типы земель Зарафшанских гор и прилегающих равнин. Ташкент, «Фан», 1982.
  3. Алибеков Л.А. – Географик тадиотларнинг космик методи. Тошкент, «Ўитувчи» 1983.
  4. Алибеков Л.А., Нишонов С.А. – Табиатни муофаза илиш ва табиий ресурслардан рациональ фойдаланиш. Тошкент, «Ўитувчи», 1983.
  5. Алибеков Л.А. – Ландшафтларни муофаза илиш. Тошкент, «Фан», 1985.
  6. Алибеков Л.А. – Народный парк Узбекистана. «Природа», №1. 1986.
  7. Ахмедов Н., ошимов М., Шоймуродов Т. – Китоб геологик ўрихонаси. Самаранд, 1997.
  8. Баратов П.Б., Маматулов М., Рафиов А. – Ўрта Осиё табиий географияси. Тошкент, «Ўитувчи», 2002.
  9. уломов П., асанов И., - Ўрта Осиё табиий географияси. Ташкент, Университет 2002 й.
  10. Заповедники Средней Азии и южного Казахстана. М., «Мысль», 1990.

O`RTA OSIYONING ALOXIDA MUXOFAZA QILINADIGAN XUDUDLARI (LANDSHAFTLARI)